O'FF prezidenti 5 yanvar kuni Jizzax viloyatiga boradi

Narzulla Saydullayev
4 yanv 2018, 22:20
Xabaringiz bor, yangi mavsumdan boshlab milliy chempionatimizda ishtirok etadigan futbol klublarining professionallik darajasini oshirish uchun klublar oldiga jiddiy talablar qo'yilmoqda.

Ushbu talablarni bajarish uchun 1 fevralga qadar muhlat berilgan bo'lib, talablarni bajarmagan klublar milliy chempionatda ishtirok eta olmaydi.

O'zbekiston Futbol Federatsiyasi tomonidan viloyatlardagi holat doimiy ravishda nazorat qilib borilmoqda.

Ertaga 5 yanvar kuni O'FF Prezidenti Umid Ahmadjonov maxsus ishchi guruh bilan birgalikda, Jizzax viloyati Futbol federatsiyasidagi umumiy holatni o'rganish uchun Jizzax shahriga tashrif buyuradi.

Ular Jizzax viloyatida federatsiya tomonidan qo'yilgan talablarni bajarish bo'yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishishadi.

Hududlarni o'rganish jarayonida quyidagi jihatlarga alohida ahamiyat qaratiladi:

-hududiy bolalar va o'smirlar futbol maktablari va futbol klublarining infratuzilmalari, u yerdagi shart-sharoitlar;
-ayollar futboli va mini futbol rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar;
-moliyaviy va kadrlar bo'yicha masalalar;
-musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish va o'tkazish jarayonida yo'l qo'yilayotgan kamchiliklar;
-murabbiylarni o'qitish va ularning malakasini oshirish bo'yicha olib borilayotgan ishlar;
-OAV va jamoatchilik, shu jumladan, muxlislar bilan ishlash jarayoni.

Jizzax viloyatidagi umumiy ahvol o'rganilgach tegishli xulosalar qilinadi. Shaxsan O'zbekiston Futbol federatsiyasi prezidenti tomonidan bunday tekshiruvlar barcha viloyatlar bo'ylab o'tkazilishi rejalashtirilgan.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com