OCHL uchun o'rnimiz qisqaradimi?

Narzulla Saydullayev
23 iyul 2013, 16:00
Bir necha kunlardan so'ng yurtimizga OFKning klublar musobaqalarida ishtirok etadigan mamlakatlardagi vaziyatni baholovchi taftish guruhi tashrif buyuradi.
Ular O'zbekistonda yuz bergan o'zgarishlarni ko'rib, tegishli hujjatlarni qabul qilishadi va ortga qaytishadi. Noyabr oyida esa OCHL va OFK Kubogi bahslarida klublari qatnashadigan mamlakatlar nomi va ularning o'rinlari e'lon qilinadi. Joriy yil biz 2ta to'g'ridan-to'g'ri va bitta “pley-off” bosqichi o'rni taqdim etilgandi.

OFK mart oyida bo'lib o'tgan yig'ilishda 2014 yildan boshlab Chempionlar ligasida ko'proq davlatlar ishtirokchilarga aylanishi haqida xabar bergandi. Unga ko'ra, jami 23 mamlakat vakillari bu musobaqada ishtirok etish uchun imkoniyatga egalar. Tekshiruv natijalariga ko'ra, tegishli xulosalar chiqarilib, qaysi davlatlar birinchi raqamli turnirda qancha o'ringa ega bo'lishi tasdiqlanadi. 2013 yilgi mavsumda ham aslida faqat 600 balldan yuqori baho to'plagan davlatlarga o'rin berilishi aytilgandi. Lekin keyinchalik o'tish ballidan pastroq yiqqan bo'lishiga qaramay, Avstraliya va Tailandga ham imkoniyat taqdim etildi. Bu esa “Buriram Yunayted”ning parvoziga sabab bo'ldi deb aytish mumkin. Hindiston, Iordaniya, Singapur va Vetnamga esa rad javobi berildi. Lekin OFKning o'zi birinchi raqamli turnir geografiyasini kengaytirish maqsadida ekanligini aytib o'tdi.

Zero, bu teletranslyatsiyalar va marketingdan tushayotgan mablag'ning sezilarli darajada ortishiga sabab bo'lishi mumkin. Bir qancha mamlakatlarda bu musobaqaga qiziqish kuchli. Homiylarning e'tiborini tortish uchun bazida to'plangan ballar ahamiyatini yo'qotishi mumkin. Chunki 11 mamlakat klublari ishtirok etaverishi natijasida OFKga a'zo bo'lgan boshqa davlatlarda musobaqaga bo'lgan qiziqish uyg'onmaydi. OFK Kubogi saviyasi esa hozircha ko'p pul ishlab topish imkonini bermaydi. Shuningdek, bazi mamlakatlarda qolganlarga nisbatan yaxshiroq infratuzilma mavjud. Shu sababli ularning OFK Kubogida qolib ketishlari unchalik to'g'ri emas. Shu kabi holatlar OFKning Chempionlar ligasi borasida qarashlarini o'zgartirishiga olib kelmoqda. Joriy mavsumdan esa ishtirokchilar soni ortadi.

Aslida o'tgan yili ham biz o'z mintaqamizda 1,5 o'ringa ega bo'lgandik. Faqat sharqiy tarafda ikki davlatning ballari qatnashish uchun belgilanganidan pastroq bo'lgani sababli O'zbekiston qo'shimcha bir o'rin sohibi bo'lgandi. Biroq endi bunday holatga umid qilmasak ham bo'ladi. Shuni hisobga olgan holda 2014 yilgi mavsumda 1,5 yoki ko'pi bilan 2 o'ringa ega bo'lishimiz aniqdek. G'arbiy mintaqada Bahrayn, Iroq, Iordaniya, Quvayt, Suriya kabi mamlakatlar OCHLdan o'rin olish uchun kurashib ko'rishlari mumkin. Chunki bu davlatlar jamoalari saviyasi ancha yaxshi. Sharqiy tarafda esa Gonkong, Indoneziya, Singapur, Malayziya, Vetnam singari assotsiatsiyalar o'z klublarini Chempionlar ligasida ko'rishni istashyapti. Qolaversa, arab mamlakatlari va sharqiy mintaqada biz nomini keltirgan davlatlarda homiylarning e'tibori juda kuchli. Indoneziya va Vetnamda xalqaro bellashuvlar paytida muxlislarning qiziqishi juda kuchli bo'ladi. Bundan esa ko'plab kompaniyalar unumli foydalanib qolishga urinishlari tabiiy.

OFK ligani tashkil qilishda UEFAdan o'rnak olgani sir emas. Yani, barcha holatlarni aynan UEFAga qiyosan amalga oshirishga intilgan. Klublarni licenziyalash, audit tekshiruvlari va barcha ishtirokchilarni minimum talablar asosida bir xil saviyaga keltirish shuning samarasi edi. Biroq qitamiz ancha katta bo'lgani va mamlakatlar yashash tarzida etarilcha farq borligi ishtirokchi davlatlar sonining ortishiga yo'l qo'yib kelmadi. Bu ketishda yaqin orada OCHL 10-14 davlatning musobaqasiga aylanib borayotgani ko'rinib turardi. Endi OFK o'z talablariga mos 2 stadionga ega bo'lgan davlatlarning yetakchi klublariga ligadan o'rin ajratib berishi mumkin. Gap bu yerda to'g'ridan-to'g'ri o'rinlar haqida ketmayapti. Chunki bunday o'rinlar faqat belgilangan 600 balldan yuqori to'plaganlar uchun ajratilishi tabiiy. Lekin ularning o'rinlarini yarimtadan qisqartirish orqali yangi ishtirokchilarga joy topib beriladi. Chempionlar ligasida qatnashmaslik milliy terma jamoalarning ham umumiy saviyasiga ta’sir ko'rsatishi mumkin. Chunki bir qator davlatlarda yaxshi kuchga ega terma jamoalar a'zolari faqat OFK Kubogi bellashuvlarida to'p tepishga majbur bo'lishayotgandi. Bu esa ularning saviyasi ortishiga xizmat qilmaydi. Iordaniya, Iroq, Ummon, Livan, Tailand kabi mamlakatlar terma jamoalari oxirgi paytlarda yaxshi o'yinlar namoyish qilib kelishmoqda.

Lekin futbolchilar nari borsa  OFK Kubogidek o'rtamiyona saviyadagi turnirda o'ynashmoqda. Tan olish kerak, bu musobaqada saviya OCHL bilan taqqoslasak, bizdagi oliy va birinchi liga o'rtasidagi kabi. Buning isboti sifatida 2011 yil OFK Kubogida zafar quchgan “Nasaf”ning keyingi yil Chempionlar ligasida guruh bahslaridagi 6 o'yinda faqat 1 ochko to'plaganini keltirib o'tish mumkin. Shuning uchun qolgan mamlakatlarda klublar va terma jamoa futbolt saviyasi ko'tarilishini istayotgan OFK mart oyida o'z qarorini e'lon qildi.

OFK talablaridan kelib chiqadigan bo'lsak, biz mintaqamizda beshinchi o'rinni egallab turibmiz. Saudiya Arabistoni, Qatar, Eron va BAAdan keyin. Oliy ligamizda stadionlar, klublarning biznes salohiyati, marketing va boshqa turli jihatlar bo'yicha hamon kattagina farq bilan ortda qolmoqda. OFKning asosiy talablaridan biri klublarning o'zlari pul ishlab topishlarini taminlash. Biroq bizda bu yo'nalishda bazi klublar shunday qilish mumkinligini tushunib ham yetishmagan. Zamonaviy bilimlarsiz, o'tgan asrda shakllangan qarashlar bilan qolib ketgan jamoa rahbarlari faqat hukumat tomonidan biriktirilgan homiylarning pul o'tkazishini poylab o'tirishadi. Keyin esa 10 so'm o'rniga xarajatni 100 so'm qilib rasmiylashtirib, birinchi davradan keyin ajratilgan pul tugaganini takidlashga tushadilar. Bunday vaziyat oxir-oqibat tegishli organlarning e'tiborini jalb qildi va hozir bazi klublarda shunday holatga nisbatan ish ochilgan. O'zini jamoa rahbariman deb kekkayib, aslida klub hisobidagi pulni eb bitirish bilan mashg'ul bo'layotgan bunday insonlarga ikkilanmasdan tekinxo'r dangasalar tarifini bersak bo'ladi. Bundan faqat o'zi pul ishlab topayotgan klublar menejerlari chetda xolos. Ularning ham soni 2-3ta. Transferlar, chiptalar sotuvi, atributlar sotuvi, homiylar bilan ishlash va biznes imkoniyatidan foydalanib pul topish mumkin bo'lgan holda bizda jamoalar ularning hech biridan foydalanishmaydi. Tayyor ajratilgan pulni ishlatib tugatishni dunyodagi eng axmoq inson ham uddalay oladi. O'sha pulni foydali sarflashsa ham mayli edi.

Stadionlar borasida muammolarimiz ko'pligini rad etib bo'lmaydi. Bizda poytaxt va viloyatlardagi stadionlar o'rtasida farq katta. Qatar, Saudiya Arabistoni yoki BAAda bunday muammoga guvoh bo'lmaysiz. Klublarning o'zi O'FF yoki hukumat yordamini kutib qolmasdan professionallashishga intilishlari shart. Bu kabi muammolar hal etmasdan turib OCHLda qanchadir o'ringa da'vogarmiz deb aytishdan o'zimizni tiyishimiz kerak, insof bilan munosabatda bo'lishimiz kerak. 2 yoki 3 saviyali jamoa bilan chempionat va futbol darajasini ko'tara olmaymiz. Buni kattalar o'rtasidagi oxirgi natijalar ham isbotlab turibdi.

Behzod NAZAROV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia