

Kuni kecha ushbu futbolchilar ozodlikka chiqarildi. Bu haqida saytimizda ham alohida xabar e'lon qilindi.
Saytimiz muxbiri yuqoridagi va jarayonga oid boshqa masalalar yuzasidan Farg'ona futbol assotsiatsiyasi birinchi vice-prezidenti Nosir Otaqo'ziev bilan suhbat tashkil etdi.
- Nosir aka, o'tgan yili dekabr oyining ilk kunida bo'lib o'tgan "Neftchi" - "Turon" bahsidagi tartibsizliklardan so'ng, farg'onaliklarning ikki hujumchisi Doston Toshmatov va Jamshid To'raqulovlar hibsda saqlanayotgan edi. Endilikda oradan deyarli 3 oy vaqt o'tib ushbu futbolchilar ozodlikka chiqarildi. Mazkur jarayonlarga bevosita guvoh sifatida qanday fikrlarni ayta olasiz?
- Haqiqatdan ham PRO-Liganing so'ngi turidan o'rin olgan "Neftchi"-"Turon" uchrashuvi so'ngida yuz bergan xolatlardan so'ng Doston Toshmatov va Jamshid To'raqulovlar hibsda saqlanayotgan edi. Bilasiz, PRO-Liga tashkilotchisi O'zbekiston professional futbol ligasi hisoblanadi. Mazkur voqea yuz berganidan so'ng keyingi jarayonlardan o'zimizni chetga olmagan xolda Farg'ona viloyati futbol assotsiatsiyasi nomidan tegishli tartibda tergov va sud jarayonlarida ishtirok etdik. Ungacha bo'lgan vaziyatlarda Jamshid To'raqulovning oilasi bilan ko'p bora gaplashdik, jarayon yuzasidan suhbatlashdik. Ularga vakolatimiz doirasida mumkin bo'lgan barcha jihatlar bo'yicha yordam berishimizni aytdik. Ayni masala bo'yicha viloyatimiz hokimi Xayrullo Bozorovning qabulida bo'ldim. Hammaning xabari bor, Xayrullo Xayitbaevich futbolsevar inson. U kishi menga viloyat hokimligi hibsda bo'lib turgan futbolchilarni har tomonlama qo'llab-quvvatlanishini aytib o'tdilar. Shuningdek, bu borada viloyat hokimining turizm va sport masalalari bo'yicha maslahatchisi Xurshid Ahmedov bilan ham ko'p bora gaplashdik. Viloyat hokimligining boshqa masalalar bo'yicha ham ish hajmi ko'p bo'lsa-da, biz ko'tarayotgan masalalar bo'yicha shug'ullanishdi, qo'llab-quvvatlashdi.

Mazkur haftada ushbu futbolchilarning ishi yuzasidan so'ngi sud majlislari o'tkazildi. Ushbu jarayonda men ham guvoh sifatida qatnashdim. O'zimga berilgan savollarga Farg'ona futbol assotsiatsiyasi nomidan ushbu futbolchilar yoshliklarini hisobga olib kechirishlarini so'radim. O'zim futbol ichida ulg'ayganligim, futbolchilardagi mavjud kechinmalarni his qilishimni aytib o'tdim. Bundan tashqari viloyat Yoshlar Ittifoqi kengashi bilan xamkorlikda yosh futbolchilarni qilmishidan pushaymonligi, kelajakda bu kabi nomaqul ishlarga qo'l urmasliklari yuzasidan kafolat xati tayyorlandi. Shukrki, kuni kecha so'ngi sud majlisidan so'ng ushbu futbolchilar ozodlikka chiqarilib, oilalari bag'riga qaytishdi.
- Hozirda ko'pchilikda tabiiy xolda bir savol mavjud. Ushbu futbolchilarning keyingi taqdiri nima bo'ladi?
- Bu savolni sud jarayonida ham menga berishgandi. Jamshid To'raqulov va Doston Toshmatovni yaxshi bilaman, ko'z o'ngimda futbolchi bo'lib yetishishgan. O'sha kuni ularda yuz bergan emocional xolatlar evaziga shunday xato ishni qilishdi. Aslida bu yigitlarning birov bilan janjallashgani, tortishganini ko'rmaganman. Hozirda ushbu masala yuzasidan O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi nomiga murojaat xati yo'llamoqchimiz. Xususan ushbu futbolchilarga berilgan jazolarni engillashtirishlarini so'ramoqchimiz, lozim bo'lsa kafilligini olishga tayyormiz. Chunki bu yigitlar hali yosh va kelajagi oldinda. O'zim futbolning ichida ulg'ayganim sababli ulardagi kechinmalarni tushunaman, taqdiriga befarq qaray olmayman.
- Nosir aka, ayni damda Farg'ona futbol assotsiatsiyasi qoshida "Futbol markazi" tashkil etilganidan ko'pchilikning xabari bor. Eshitishimizcha, bu yerda avval futbol mahorat maktabi (akademiya) tashkil etish rejalangan ekan. Mazkur xolatga ham oydinlik kiritib ketsangiz.
- To'g'ri, avval bu yerda futbol mahorat maktabi tashkil etish haqida harakatlar bor edi. Lekin futbol mahorat maktabini tashkil etishning ham o'ziga yarasha talablari bor. Masalan, futbol mahorat maktabi tashkil etilayotgan binoning quvvati kamida 150 o'ringa mo'ljallangan bo'lishi kerak. Hozirgi "Futbol markazi" binosi 50 o'ringa mo'ljallab qurilgan. Shu kabi omillar sabab bu yerda futbol mahorat maktabini tashkil etib bo'lmaydi. Balki, kelajakda bu natijaga ham erisharmiz, umuman olganda yomon g'oya emas.
Bilasizmi, hozirgi kunda "Futbol markazi"mizda Aziz Alijonov, Iqbol Akromov kabi o'tmishning yorqin futbolchilari tomonidan futbol to'garaklari tashkil qilingan. Shuningdek, bu yerda bolalar, yoshlar hamda korxona va tashkilotlar xodimlari uchun turli musobaqalar muntazam tashkillab kelinmoqda. Bu o'z navbatida aholi o'rtasida sport targ'ibotini yanada rivojlantirishga, sog'lom turmush tarzini targ'ib etilishiga xizmat qiladi.
- Yaqinda Farg'onada "Viloyat hokimi kubogi" musobaqasi bo'lib o'tdi. Shu musobaqa jarayonida bergan intervyularingizdan birida keyinchalik "Viloyat assotsiatsiyasi kubogi" turniri ham tashkillanishi xususida aytib o'tgandingiz. Aytingchi, bu musobaqani qachon o'tkazish rejalashtirilgan?

- Joriy yildan boshlab "Viloyat hokimi kubogi" musobaqasida to'liq bo'lmasa ham professional klublar ishtirokini taminladik. Bu musobaqada o'zimizning viloyat birinchiligida ishtirok etayotgan mahalliy 2-liga klublari qatnasha olishmadi. Bilasiz, bu kabi musobaqalar futbol klublariga mavsumoldi tayyorgarlik vazifasini o'tab beradi. Shuni inobatga olgan xolda endilikda "Viloyat assotsiatsiyasi kubogi" musobaqasini ham tashkil etmoqchimiz. Bu o'z navbatida "Viloyat hokim kubogi" musobaqasidan chetda qolib ketgan klublar uchun mavsumoldi tayyorgarlik vazifasini o'tab beruvchi norasmiy turnir hisoblanadi. O'tkazish vaqtini esa "Navro'z" bayrami arafasiga reja qilganmiz.
Shuningdek, ayni kunlarda Farg'ona viloyati futbol assotsiatsiyasi tomonidan o'zbek futboli rivoji uchun xizmat qiluvchi yangi loyiha ishlab chiqilmoqda. Bu loyiha futbol klublariga, muxlis va mutaxassislarga birdek maqul kelishi tayin. Yaqin kunlarda ushbu loyiha taqdimotini futbol jamoatchiligiga e'lon qilishni rejalashtirmoqdamiz.
Bekzod Tolibov yozib oldi



