Neymar JCHda asosiy tarkib o'yinchisi va sardor bo'lmaydi, 10-raqamni Vinisiusga qoldiradi

Aslanov Jasurbek
20 may 2026, 19:47
Braziliya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Neymar bilan uning jahon chempionatiga chaqirilishi borasida maxsus shartlarni kelishib oldi.

"Santos" klubining 34 yoshli hujumchisi Braziliya milliy terma jamoasining yozgi musobaqa uchun e'lon qilingan yakuniy qaydnomasidan joy oldi.
Globo Esporte nashrining xabar berishicha, o'tgan payshanba kuni Anchelotti va Neymar o'rtasida videoaloqa orqali suhbat bo'lib o'tgan. Unda italiyalik mutaxassis futbolchining terma jamoaga qaytishi uchun bir qator shartlarni ilgari surgan.
Ma'lum qilinishicha, murabbiy hujumchiga u asosiy tarkib o'yinchisi, ayniqsa, jamoa sardori bo'lmasligini ochiq aytgan. Shuningdek, Neymar bundan oldin terma jamoada amal qilgan imtiyozli qoidalarini unutishi va ichki intizomga qatiy bo'ysunishi lozim. Unga xuddi terma jamoaga chaqirilgan boshqa oddiy futbolchilardek munosabatda bo'lishadi.
Bundan tashqari, uning jamoadagi maqomi o'zgarganini yaqqol ko'rsatib qo'yish maqsadida, Neymar o'zining mashhur 10-raqamini uning hozirgi egasi Vinisius Juniorga qoldirishi kerak bo'ladi.
Manbaning takidlashicha, Neymar murabbiy tomonidan qo'yilgan barcha shartlarni to'liq qabul qilgan va ushbu o'zgarishlarga amal qilishga rozi bo'lgan.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Globo Esporte