"Nasaf" qachon ko'tarinki kayfiyatda ish boshlaydi, Qashqadaryoda bunga javob beradigan mas'ullar bormi?

Nadirkhuja Yuldashev
23 yanv 2021, 19:25
Boshqa klublardan farqli ravishda, "Nasaf" klubi qoshida 3ta katta obekt bor.

Bular, jamoa bazasi, stadioni hamda akademiyasi. Tushunish uchun oson bo'lishi uchun aytib o'taman, moliyaviy tomondan aka-uka bo'lgan "Bunyodkor" bilan solishtirganda "Nasaf" o'ziga tushadigan byudjetni yuqoridagi 3ta inshootlarni saqlash uchun ham pul ketkazadi. "Bunyodkor"da esa alohida direkciya mavjud bo'lib, klubga tushadigan byudjet faqat klub uchun ishlatiladi.



Faqatgina "Paxtakor" stadioni va Qibraydagi baza klub tomonidan moliyalashtiradi. Adashmasam qolgan barcha klublarning stadionlari faqat o'yin vaqti uchun klublardan pul olinadi, qolgan vaqt boshqa tashkilotlar tomonidan saqlanadi. Klublar u yerdagi muammoga bosh qotirib o'tirmaydi. "Nasaf"da esa ish bir muncha qiyin. Klubga tushadigan 30 mlrd so'mni barcha narsaga etkazish kerak. Superligada shunday jamoalar bor-ki, 40-50 mlrd so'mni faqat asosiy jamoani maoshlariga ishlatadilar xolos. Lekin hozircha "Bunyodkor", "Paxtakor" va "Nasaf"dan boshqa klublar MTJga o'yinchi etkazish bilan maqtana olmaydilar. Shunday ekan, nima uchun ishlayotgan kam sonli klublardan biri bo'lgan "Nasaf" bunchalik qiynalishi kerak? 


To'g'ri, tan olamiz, pandemiya! Lekin "Nasaf"dagi bu muammolar bugun paydo bo'lmadi. Mana 3-4 yil o'tibdi, Berdiev "Nasaf"ni qanday tarkib bilan mavsumga tayyorlashni bilmaydi. Yosh futbolchilarni kashf qilgani bilan, bu yoshlar boshqa jamoalardagi berilayotgan summalarni eshitib boshi aylanishi tabiiy. Aynan shuning uchun ham murabbiyda har yili tarkib bo'yicha muammolar paydo bo'lyapti. Hozir internet yo'q, uyali aloqa tizim mavjud bo'lmagan davrlar emas, qo'shni klubda nima bo'layotganligini futbolchilar bilmasa. Futbolchining maydondagi umri qisqa. Shunday ekan, barcha ishlab olishni istaydi. Buni to'g'ri qabul qilish kerak. Ammo "Nasaf"ga e'tibor biroz oshsa, o'sha pulni tarbiyalanuvchilar klubni o'zida ishlab olishlari mumkin. 


Hozir "Nasaf"ni futbolchilar oldida mavsumning ikkinchi davrasidagi mukofot pullari, maoshning ma'lum qismi va bonuslardan qarzi bor. Futbolchilarni oldida esa moliyaviy jihatdan ancha baquvat bo'lgan "Paxtakor", "Lokomotiv", AGMK va "Metallurg"dan aniq takliflar mavjud. Berdiev 2020 yilni qarzlari bilan shug'ullanishi kerakmi yoki mavsumga tayyorgarlik ko'rishi? 


Mavsumga tayyorgarlik qilay desa, qo'l ostidagi futbolchilarni jamoada qolishi sug'urtalanmagan. Istagan paytda kyetib qolishi mumkin bo'lgan o'yinchilar ro'yxati kichik emas. Mashg'ulotlarga qarz bilan chiqishni o'zi bir azob. O'zimdan kelib chiqib aytaman biron kishiga qarz bo'lib qolsangiz, kechasi uyqungiz bo'lmaydi. "Nasaf"ni boshqa klublarga qaraganda talabi katta emas. O'sha kichik bo'lsada, maoshlarni o'z vaqtida berish uchun byudjetni shakllantirish. Akademiya ish beryapti, demak akademiya va stadionni saqlab turish uchun qo'shimcha mablag' ajratish maqsadga muvofiq bo'lardi. Boshqa klublarga topilayotgan pullar, "Nasaf" uchun ham topilsa bo'ladi. Gap mahalliy mutasaddilarda xolos. Har yili yangidan yangi jamoa tuzish azob. Oson ish emas. Tuzganda ham doimiy sovrinli o'rinlarda yurishni eplayotgan Berdievning ishlari demak to'g'ri. Bir paytlar "Mashal" shunday ishladi. Lekin hozir bu klub avvalgi darajasida emas. Ertaga hamma narsadan charchab borayotgan murabbiy klubdan ketadigan bo'lsa, kim kafil bo'ladi "Nasaf" shunday ishlashda davom etishiga? Shunday ekan, nima uchun to'g'ri ishlayotgan klubga yordam qilmaslik kerak? Bu O'FA yoki PFLni ishi emas. "Nasaf" Qashqadaryoning ovunchog'i, demak qolgan klublarda bo'lgani kabi, viloyat kattalari klubga e'tibor qaratishlari kerak. Bu yerda katta o'g'irliklar bo'lmayapti. Totalizator bo'yicha jamoadan hammaning ko'ngli to'q. Nima uchun unga moliyaviy ko'mak berish kerak emas?



Futbol hozir Prezident darajasida e'tibor qilinayotgan va so'nggi ikki yil ichida bir qator qarorlar bilan takomillashtirilayotgan soha. Kuni kecha sun'iy maydon qurish uchun, chet eldan kiradigan sifatli maysalarga bojxona to'lovlari ham bekor bo'ldi. "Nasaf" akademiyasi 10 yil avval Nuriddin Zayniev tomonidan taqdim qilingan sun'iy maydonda mashg'ulot olib boryapti. Bu maydonning bugungi holati futbol uchun zarar. Buni borib ko'rishingiz mumkin. Stadionni asosiy mashg'ulot maydonlarini esa test davrida rasvosini chiqarib bo'lishdi.


Minglab "Nasaf" va MTJ muxlislari nomidan Zoir Toirovichdan bir narsani so'ragan bo'lar edim. Iltimos, "Nasaf"ga e'tiborliroq bo'ling. Bu jamoa parokanda bo'lsa, milliard ketkazib ham keyin uni tiklay olmaysiz.


"Nasaf" men maosh oladigan klub emas, shunchaki yaqinda u erga borib achinib ketdim. Ishlagan odam, tishlashi kerak!

O'xshash yangiliklar


Nadirkhuja YuldashevMuallif
Manba: championat.asia