Mundial ortidagi mehnat: terma jamoa futbolchilarini tarbiyalagan murabbiylar (2-qism)

Iskandarov Abdulaziz
7 iyul 2026, 19:43
Xabaringiz bor, yaqinda O'zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatida qatnashgan futbolchilarining murabbiylarini yo'qlagan edik.

Mundialga yo'l qayerdan boshlangan? Katta sahna ortidagi asl qahramonlar bilan tanishamiz

Bugun ushbu maqolaning davomini e'tiboringizga havola qilamiz.

Akmal Mozgovoy, Sherzod Nasrullaev - Nurali Sultonov

Qashqadaryoda futbolga qiziqadigan odam borki Nurali Sultonovni albatta taniydi. Futbolchilik faoliyatida "Mashal" va "Nasaf" liboslarini kiygan qahramonimiz butsalarini mixga ilganidan so'ng "Nasaf" akademiyasi tizimida yoshlarga murabbiylik qila boshladi. Uning davrida bir qator akademiya tarbiyalanuvchilari yuqori darajaga chiqishdi deb ayta olamiz.

2017 yil Jizzax mezbonlik qilgan "Bakamol avlod" sport musobaqasida Nurali Sultonov boshchiligidagi Qashqadaryo viloyat jamoasi ham qatnashgan va bosh sovring ega chiqqandi. Bu turnirda qatnashgan tarkib quyidagicha edi:

Qashqadaryo viloyati terma jamoasi tarkibi:

Umidjon Ergashev, Islom Kenjaboev, Abubakr Turdialiev, Sherzod Nasrullaev, Sardorjon Abduholiqov, Dilshod Saitov, Elshod Qodirov, Akmal Mozgovoy, Sardor Sadullaev, Yodgor Nazarov, Xusniddin Aliqulov, Navro'zjon Saidov, Mirzabek Joniqulov, Ilxomjon Alijanov, Xudoyorxon Sag'dullaev.

Jamoa murabbiyi: Nurali Sultonov.

Yuqoridagi futbolchilar keyinchalik Nurali Sultonov qo'l ostida Nasaf yoshlar, birinchi liga, tayyorlov guruhlarida ham o'ynadi.

4a64946e-77ce-44b2-a331-ce290eb80a50.png

Otabek Shukurov “Mashal” akademiyasi mevasi

Otabek Shukurov ham Shomurodov singari “Mashal” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Chiroqchilik bu yigitga Islom Mavlonov futbol sir asrorlarini o'rgatgan, Mashal akademiyasida esa Dilshod Andaevda talimni davom ettirgan.

- Qayerda tug'ilgansiz va futbolga qanday kirib kelgansiz?

- Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida tavallud topganman. Futbol o'ynashni yoshligimdan yaxshi ko'rardim. Futbolchilik faoliyatimni Chiroqchida Islom Mavlonov qo'l ostida boshlaganman. Dadam aynan shu murabbiyga olib borganlar. Shunday qilib milionlar o'yiniga kirib kelganmgan.

9 yoshda Qarshi futbol maktab internatiga o'z kuchim bilan o'qishga kirganman. Bu yerda uch yil davomida tahsil oldim. Qarshida Umar aka qo'l ostida futbol sir asrorlarini o'rganganman.

Keyin Muborakning "Mashal" akademiyasidan taklif bo'lgan va shu erga ko'chib o'tganman. Muborakda Eldor Shomurodov, Durbek Kamolov, Asliddin Abdiev kabi futbolchilar bilan birga Dilshod aka Andaev qo'l ostida tahsil olganman.

7f07427d-f0b6-4594-be76-ee8da20e2449.png



Dmitriy Kimning yangi kashfiyotlari: Amonov, Esanov va Abdullaev

Avvalroq "Paxtakor-1993" oltin avlodini tarbiyalagan Dmitriy Kim haqida to'xtalgan edik. Tajribali mutaxassisning o'zbek futboli oldidagi xizmatlari faqatgina o'sha tarkib bilan cheklanib qolmaydi. Dmitriy Makarovich keyinchalik Azizbek Amonov, Sherzod Esanov va Abdulla Abdullaev kabi bugungi kunda terma jamoa o'zagini tashkil etuvchi ijrochilarga ham katta yo'l ko'rsatdi, ularning professional futbolga qadam qo'yishida chinakam ustozlik qildi. Esanov aynan "Chig'atoy"dagi o'yinlari orqali "Andijon"ga yo'l olgan edi.

photo_2026-07-07_19-24-35.jpg



"Nasaf"dagi debyut va darvoza ortidagi mashaqqat: Abduvohid Ne'matov
Terma jamoamizning ishonchli qo'rg'oni Abduvohid Ne'matov 2019 yili Qarshining "Nasaf" klubi tarkibida Superligada o'z debyutini nishonlagan edi. Yosh posbonning katta futbol havosidan ilk bor nafas olishi va ruhiy tomonlama bosimlarga tayyorlanishida o'sha paytda "ajdarholar" lagerida darvozabonlar murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan Mixail Naumovning xizmati katta bo'ldi. Naumov Ne'matovning texnikasi ustida ishlab, uni mamlakatning eng yetakchi kiperlaridan biri darajasiga olib chiqdi. Naumov va Ne'matov O'zbekiston Olimpiya terma jamoasida ham birga ishlashdi.

240560.jpg



"Paxtakor-2003" va millionlar ichidan porlagan Abbos Fayzullayev

"Paxtakor" akademiyasida 2003 yillarda tug'ilgan futbolchilar guruhi bilan klub afsonasi Mixail Anning farzandi - Dmitriy An mehnat qildi. Bu guruh o'zbek futboliga bir yo'la bir nechta yoshlar o'rtasidagi Osiyo chempionlari va Jahon chempionati qatnashchilarini taqdim etdi. Ular orasida Behruz Askarov, Abubakr Ashurov, Otabek Boymurodov, Po'latxo'ja Xoldorxonov, Diyorbek Ortiqboev, Shaxriyor Jabborov, Izatullo Po'latov va Shahzod Rahmatullaev kabi nomlar bor edi. Biroq ular ichidan katta sahna - milliy terma jamoa va Yevropa maydonlarigacha barqaror yetib kelgan eng yorqin yulduz Abbos Fayzullayev bo'ldi.
Dmitriy Mixaylovich o'zining suyukli shogirdi haqida shunday hikoya qiladi:

"Abbos jamoamizga ilk bor kelganida hali 8 yoshli bolakay edi. To'g'risi, bunday yoshda hech qaysi murabbiy kelajakda undan buyuk futbolchi chiqish-chiqmasligini yuz foiz ayta olmaydi. Lekin unda futbolga bo'lgan muhabbat va ishtiyoq shu qadar baland ediki, u porloq kelajak kutayotganini sezish qiyin emasdi.
2018 yili Olmaotada o'tgan turnir yaxshi yodimda: 'Dnepr' (Ukraina) jamoasiga qarshi bahsda Abbos tezkor qarshi hujumga o'tdi va maydon markazidan raqib darvozasiga to'g'ridan-to'g'ri ajoyib gol urdi. O'shanda hatto raqib jamoa murabbiyi ham uni turib olqishlagan edi. Qozog'istondagi o'sha musobaqaning barcha to'rtta bosqichida ham Fayzullayev turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi. O'shandayoq mahalliy mutaxassislar va tomoshabinlar uning o'yiniga mahliyo bo'lib, fuqaroligini o'zgartirish ehtimoli bor-yo'qligi bilan ham qiziqishgan edi".

503339.jpg



Farg'ona vodiysining yo'lbarsi: Avazbek O'lmasaliev

Bugungi kunda himoyada mustahkam turgan Avazbek O'lmasaliev Farg'ona futboli tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U "Neftchi" klubining o'rinbosarlari va asosiy tarkibiga qadam qo'ygunga qadar Farg'ona futbol internatida Diyor Mirzaboev hamda Bolalar va o'smirlar sport maktabida Sherzod Zokirov qo'l ostida mahoratini sidqidildan oshirdi. Diyor Mirzaboevni futbol jamoatchiligi "Mashal", "Andijon" va "Yangier" klublaridagi sermahsul faoliyati orqali yaxshi taniydi. Ushbu fidoyi ustoz uchun o'z shogirdining bir kun kelib mundial yashil maydonlariga qadam ranjida qilishi chinakam faxr va g'urur bag'ishlashi shubhasiz.

Superliganing eng yaxshisi: Botirali Ergashev

Darvozabon Botirali Ergashevning katta futbol ostonasidan hatlab o'tish davrida "Paxtakor" tizimida Murod Ismoilov va Aleksandr Lyan kabi mutaxassislarning ko'magi katta bo'ldi. Iqtidorli kiper muntazam ravishda turli yosh toifasidagi terma jamoalarga jalb etib kelindi. Uning faoliyatida 2018 yili Xitoyda o'tgan tarixiy Osiyo chempionati tub burilish yasadi. Shundan so'ng Ektor Kuper uni milliy terma jamoaga taklif qildi, klublar miqyosida esa barqarorlik paydo bo'ldi. Bugungi kunda Ergashev haqli ravishda Superliganing eng kuchli darvozabonlaridan biri bo'lib turibdi.

photo_2026-07-07_19-31-46.jpg


18 yoshli mundial qatnashchisi: Behruz Karimov

Kosonsoyda Shodmon Mamatov qo'lida futbol sirlarini o'rganayotgan Behruz Karimovni o'tkir nigohli skaut Nodirxo'ja Yuldashev payqab qoladi va Toshkentdagi "Odil Junior" akademiyasiga tavsiya etadi. Poytaxtda Zayniddin Tojiev va Jahongir Usmonov boshchiligida u yildan-yilga o'z ustida ishlab, kuchayib bordi. Mazkur ikki murabbiy uning ustida ishlashdi, texnik sifatlarini kuchaytirishdi. Natijada, 2007 yilda tug'ilgan bo'lishiga qaramay, o'zidan bir yosh kattalar safida Indoneziyada o'tgan U-17 Jahon chempionatida ishtirok etdi. Ayni paytda bor-yo'g'i 18 yoshda bo'lishiga qaramay, u milliy jamoa bilan mundial doirasida ikkita muhim bellashuvda maydonga tushishga ulgurdi. Bu - yuqoridagi insonlar mehnatining go'zal mahsulidir.

photo_2026-07-07_19-32-33.jpg



Stanislav Kudryashov va Sergey Tokov shogirdi: Ruslan Jiyanov

"Paxtakor" akademiyasida 2001 yillarda tug'ilgan futbolchilar avlodi bilan Stanislav Kudryashov va Sergey Tokov tandemi juda samarali ish olib bordi. Bugungi kunda zamonaviy hujumchiga xos tezlik va chaqqonlikni namoyish etayotgan Ruslan Jiyanov aynan mana shu ikki mutaxassis qo'l ostida shug'ullanib, futbolning alifbosini o'rgandi. Kudryashov va Tokov yosh Ruslanning qanotlardagi va markazdagi universal harakatlarini to'g'ri shakllantirib, undagi gol sezish qobiliyatini tarbiyalashdi. Ushbu murabbiylarning tizimli mashg'ulotlari va bildirgan dadil ishonchi Jiyanovning keyinchalik professional darajada porlab chiqishiga asos bo'ldi.

photo_2026-07-07_19-36-48.jpg



Qarshigacha bo'lgan mashaqqat: Farrux Sayfiev va Haydar Kenjaev

Tajribali va sovuqqon himoyachi Farrux Sayfievning "Nasaf" klubi lageriga kelib, katta futbolda o'z nomini tanitishidan avvalgi davrida ustozi Haydar Kenjaevning o'rni va o'gitlari beqiyos bo'lgan. Kenjaev bo'lajak terma jamoa a'zosining jismoniy va taktik jihatdan pishib etilishiga juda katta e'tibor qaratdi. Haydar aka futboldagi qattiq tartib-intizom va maydondagi jangchilik xarakterini Sayfievning ongiga bolalikdanoq singdira olgan. Aynan mana shu poydevor sabab Farrux Qarshiga borganida tayyor mahsulot sifatida tez fursatda asosiy tarkibdan joy oldi va uzoq yillar barqaror o'yin namoyish etishga erishdi.


Mudofaa chizig'ining yangi sohibi: Jahongir O'rozov va Mirkamol Qosimov

O'zbekiston yoshlar va milliy terma jamoasining mudofaa chizig'i vakili, Jahongir O'rozovga "Bunyodkor" futbol akademiyasida Mirkamol Qosimov ustozlik qilgan. Zamonaviy futbolda markaziy himoyachilardan nafaqat to'pni qaytarish, balki hujumni boshlab berish va sovuqqonlik ham talab etiladi. Murabbiy Mirkamol Qosimov O'rozovdagi ana shu jihatlarni - maydonni ko'rish va poziciyani to'g'ri tanlash qobiliyatini yuqori darajada tobladi. Ustozining bergan qimmatli saboqlari va qattiqqo'lligi evaziga Jahongir yosh toifasidagi terma jamoalarning almashtirib bo'lmas figurasiga aylandi.

photo_2026-07-07_19-40-08.jpg


Qashqadaryo futbolining chinakam fidokorlari

Yaqindagina milliy terma jamoadagi sermahsul va fidokorona faoliyatini yakunlagan, maydonda haqiqiy "jangchi" sifatida tanilgan himoyachi Umar Eshmurodovga faoliyatining eng muhim va burilish pallasida Umirqul Rahmatullaev va O'tkir Xoliqov yo'l ko'rsatishgan. Bu ikki mutaxassis Qashqadaryo viloyati bolalar va o'smirlar futbolida o'z o'rniga ega, chinakam fidoyi murabbiylardir. Ular Umarning jismoniy imkoniyatlari va irodasini to'g'ri yo'naltirib, undagi engilmas xarakterni tarbiyalay olishdi. Voha tuprog'ida Rahmatullaev va Xoliqov tomonidan berilgan tarbiya Eshmurodovni nafaqat professional futbolchi, balki terma jamoaning haqiqiy yetakchisi darajasiga ko'tardi.

Namangandan poytaxtga yo'l olgan iqtidor

Umarali Rahmonalievning katta futbol sahnasiga chiqishi ham xuddi Behruz Karimovniki kabi to'g'ri yo'lga qo'yilgan selekciya ishlarining go'zal natijasidir. Uni Namangandagi musobaqalarda payqab, poytaxtga - "Bunyodkor" akademiyasiga olib kelishadi. Toshkentda unga taniqli murabbiy Alisher Ibrohimov ustozlik qildi. Ibrohimov yosh Umaralining maydon markazini nazorat qilish, o'yin suratini belgilash va mehnatsevarlik jihatlarini yangi darajaga olib chiqdi. Alisher aka tomonidan qo'yilgan ushbu mustahkam poydevor Rahmonalievning qisqa fursatda yoshlar terma jamoasi sardori bo'lishiga va katta futbolda o'z so'zini aytishiga zamin yaratdi.


"Namanganga turnirlardan biriga borib Umarali Rahmonalievni topdim. 9 yoki 10 yosh paytlar edi. Turnir tugagach uni o'yinini ko'rish uchun Namanganga yana 2,3 marotaba borishimga to'g'ri keldi. Oxiri baribir olib keldik",- deydi Alisher Ibrohimov.

745168_original.jpg

Homiylarimiz: CAU, “InfinBank”, “AKFA”“Ucell” “TT LLC”“Black Cofee”“OfoTour”

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia