Jerrarddan Fonsekagacha yoxud “Nyukasl” bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzodlar

Alisher
20 okt 2021, 16:17
Bir necha daqiqalar oldin “Nyukasl” rahbariyati bosh murabbiy Stiv Bryusni iste'foga chiqarganini ma'lum qildi.

Hozirda Bryusni o'rnini egallashi uchun bir nechta mutaxassislar nomzodi bor. Quyida bu o'ringa kelish ehtimoli yuqori bo'lgan murabbiylar bilan tanishamiz. 


Stiven Jerrard

Shotlandiya chempionligini qo'lga kiritgan “Reynjers”ni bugungi kunda Stiven Jerrard boshqarib kelmoqda. Tez fursat ichida Stiji glazgoliklarni yetakchi jamoaga aylantirdi. U vaqti kelib “Liverpul”ni boshqaradi. Biroq hozirda Yurgen Klopp “qizillar”da muvaffaqiyatli ish yuritmoqda. Hozirgi vaqtda Jerrard “Nyukasl”ni boshqarishga rozi bo'lsa, u katta tajribaga to'plashi mumkin. Britaniya matbuotidagi berilgan ma'lumotlarga ko'ra, “Nyukasl” klubi direktorlar kengashi allaqachon Stiven bilan aloqaga chiqqan hamda muzokaralarga kirishgan.


Frenk Lempard

“Chelsi” sobiq bosh murabbiyi London klubini tark etganidan so'ng birorta jamoada ko'rinish berganicha yo'q. Yozda “Kristal Pelas” tomonidan Lempard uchun taklif bilan chiqqan edi. Keyinchalik “burgutlar” Patrik Vieyra nomzodini maqullagandi. Frenk “Chelsi”da boshlagan ishini “Nyukasl”da davom ettirishi mumkin. “Qarg'alar”ning yangi xo'jayinlari qishda jamoa tarkibini kuchaytirish uchun yaxshigina sarmoya kiritmoqchi. Lempard kelishi esa saviyali ijrochilarning jalb qilinishiga xizmat qilishi mumkin.


Roberto Martines

Bugungi kunda Belgiya terma jamoasida ishlayotgan Roberto Martines ham “Nyukasl” short-listidan joy olgan. Aytish kerakki, Martines ilgari “Uigan” va “Everton”dagi faoliyatlari bilan Angliya Premer-ligasida tajriba olgan. “Nyukasl” esa Robertoni taklif qilish istagida bo'lmoqda. O'z navbatida Martines xizmatiga “Barselona” ham qiziqish bildirgan. Biroq u Kataloniyadan tushgan taklifga rad javobini bergandi. Faqatgina, tomonlarning o'zaro kelishib olishiga Belgiya futbol assotsiatsiyasi qanday reakciya ko'rsatishi so'roq ostida qolmoqda. 


Eddi Xau

“Bornmut” bilan APLda samarali ishlagan Eddi Xau ham “Nyukasl” bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzodlardan biri hisoblanadi. E'tibor qarating, Xau “olchalar”ni boshqargan kezlarida Natan Ake, Kallum Uilson va Joshua King kabi futbolchilarni kashf qildi. Bu kabi yetakchilarning kuchli jamoalarga yo'l olishi oqibatida “Bornmut” kuchsizlanib qoldi. Rahbariyat esa ketganlarni o'rnini munosiblari bilan to'ldirib bermagani tufayli Xau iste'foga chiqdi. Bugungi kunda ishsiz yurgan mutaxassis “Nyukasl”ni kuchaytira olishi mumkin. To'g'ri, uning nomi yuqoridagi hamkasblari kabi jarangdor emas. Biroq u izlanuvchanligi va ishiga yaxshi munosabatda bo'lishi “qarg'alar”ni foydasiga xizmat qilishi tabiiy. 


Paulo Fonseka

Portugaliyalik mutaxassis “Roma”da muvaffaqiyatli ishlab keta olmadi. Balki, unga to'liq imkoniyat taqdim qilinmagani sababli iste'foga chiqqandir. Har holda chiroyli futbol tarafdori bo'lgan Fonseka ham “Nyukasl”ni boshqarish uchun asosiy nomzodlardan biri hisoblanadi. Avvalroq Paulo uchun APLdan bir nechta klublar taklif bilan chiqqan, tomonar so'nggi daqiqalarga kelib o'zaro kelisha olishmagandi. 


Lyusen Favr

Dortmundning “Borussiya” klubida to'liq o'zining ishi uslubini namoyon eta olmagan Favr “Nyukasl”ga kelishi mumkin. Agar u bosh murabbiy bo'lsa, klubni qanchalik kuchaytira olishini vaqt ko'rsatadi. Hozirda “Chelsi” va “Liverpul”da nemis mutaxassislari samarali ishlamoqda. Favr ham “qarg'alar” boshqaruvini qo'lga olsa, nemischa uslubni qo'llashi tabiiy. Shu jihati bilan u “Nyukasl”ning yangi xo'jayinlarining qarashlari mos tushishi mumkin.


Samandarbek tayyorladi

O'xshash yangiliklar


AlisherMuallif
Manba: championat.asia