✏️ “Jamoa sardori eng xavfli futbolchi!”. “Istern” bosh murabbiyi “So'g'diyona” haqida nimalar dedi?

Narzulla Saydullayev
26 avg 2022, 11:25
Xabaringiz bor, 6 sentyabr kuni “So'g'diyona” klubi o'z maydonida OFK kubogi doirasida “Istern”ga qarshi maydonga tushadi.

Mazkur bahs oldidan gonkongliklar bosh murabbiyi Roberto Losada fikrlariga quloq tutdik.

- Roberto, siz “So'g'diyona”ga qarshi uchrashuvdan nimalar kutmoqdasiz?
- Avvalambor, e'tibor uchun minnatdorchilik bildiraman. Bu o'yin biz uchun yaxshi tajriba bo'ladi. Negaki, tarkibimizda ko'plab yosh futbolchilar bor. Keyingi mavsumlarga yaxshi tajriba olish imkoniyatiga ega bo'lamiz. “So'g'diyona” yaxshi jamoa, ularga qarshi o'ynash orqali yoshlarimiz o'zlariga ishonch oshira oladi.

- Sizningcha, “So'g'diyona” safida eng kuchli futbolchi kim?
- Men kuzatdim, raqibimiz juda yaxshi jamoa. Tarkibidagi barcha futbolchilari yuqori saviyada ekani ko'zga tashlandi. Nazarimda, jamoa sardori (Jasur Hasanov – muallif) chap qanot yarim himoyasida juda xavfli ekan. U o'z qanotida juda yaxshi futbolchi va raqibga xavf tug'dira olishini ko'rishga muvaffaq bo'ldim.



- Sizlar uchun o'yinning O'zbekistonda o'tishi qanchalik yomon?
- Darhaqiqat, biz o'z maydonimizda o'ynashni afzal ko'rardik, lekin pandemiya tufayli O'zbekistonga to'p tepishga majburmiz. “So'g'diyona” o'z maydonida o'ynashi ular uchun juda foydali. Chunki muxlislar qo'llab-quvvatlaydi. Lekin safarda o'ynashimizga qaramay, ijobiy natija ko'rsatishga harakat qilamiz.

- “Istern”ning OFK kubogidagi asosiy maqsadi nimalardan iborat?
- Musobaqa orqali yaxshi tajriba olmoqdamiz. O'zbekistonda ham yaxshi o'yin ko'rsatishga harakat qilamiz. Zero, stadionga kelgan tomoshabin ikki jamoa o'yinidan bahramand bo'lishini istaymiz. Hozirda bizda hech qanday bosim yo'q. To'g'ri, raqib bizdan kuchli va favorit ekani hech kimga sir emas. Biz bosimsiz maqsadga erishishga intilamiz.


Eslatib o'tamiz, "So'g'diyona" - "Istern" uchrashuvi 6 sentyabr kuni soat 18:00da Jizzaxdagi "So'g'diyona" stadionida boshlanadi.


Samandarbek suhbatlashdi

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia