

Mazkur bahsni tomosha qilish uchun o'yingohga "An Nassr" yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipov ham tashrif buyurgan. Biz fursatdan foydalanib, xorazmlik futbolchidan muxlislarni qiziqtirgan bir qator savollarga javob oldik.

- Bugun "Paxtakor" hujumida yoshlar o'ynayapti. Ularning darajasini qanday baholaysiz?
- O'yinchilarning haqiqiy kuchini "Surxon"ga qarshi o'yinda ko'rib bo'lmaydi. Kuchliroq raqiblar, masalan, OCHL bahslarida aytsa bo'ladi. Bugungi o'yin haqida bir narsa deya olmayman.
- Hozir jamoadagi eng yaxshi o'yinchi?
- "Paxtakor" safidagi eng yuqori saviyadagi o'yinchi sifatida Dragan Cheran hisoblanadi.
- Eren Derdiyok klubdan ketdi. Joriy mavsumdagi statistikasiga e'tibor qaratsak, havas qilarli emas. Shveytsariyalik hujumchini "Paxtakor" uchun omadsiz transfer desa bo'ladimi?
- Yo'q, Eren juda kuchli futbolchi. Shunchaki, u jamoaga moslashib ketolmadi. Bunaqasi barcha futbolchida uchrab turadi. Bazan sizga jamoaning o'yin uslubi mos kelmasa, bazan muhitga ko'nikolmaysiz. Ammo, Derdiyok juda kuchli hujumchi, vaqtida ajoyib o'yinlar ko'rsatgan.
- "Shabab Al Ahli" va "An Nassr" o'rtasidagi ijara shartnomasi yakunlandi. Tanaffusdan keyin sizni qaysi jamoada ko'ramiz?
- Hozir bu haqda bir narsa deya olmayman...

- Jafar Irismetov bilan gaplashganimda yozda sobiq futbolchilarni qaytarish rejalashtirayotgani haqida aytgandi. Keyinroq, Hamdamov, Sergeev va Hamrobekovning yozda jamoa safiga kelib qo'shilishi haqida mish-mishlar tarqaldi. Siz qaytishni rejalashtirmayapsizmi?
- "Paxtakor"da o'ynash uchun har doim tayyorman. Bilasizmi, klubga ertagayoq qaytishim mumkin. Faqat jamoa rahbariyati buning uchun etarli sharoit yaratib berishi kerak.



