

O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vice-prezidenti Umid Ahmadjonov bir qator mamlakatlar futbol rahbarlari bilan uchrashuvlar o'tkazib, xorijiy mamlakatlar tajribasini yurtimizda ham yo'lga qo'yish borasida ko'plab islohotlarni amalga oshiryapti.
Ana shunday chora-tadbirlar natijasida Italiya futbol assotsiatsiyasi bilan ham hamkorlik bo'yicha kelishuvga erishilgani haqida avval xabar berib o'tgandik.
Jumladan, Italiya murabbiylari assotsiatsiyasi prezidenti va Italiya futbol federatsiyasi murabbiylar maktabi rahbari Renco Uliveri O'FA bilan hamkorlik qilish, o'zbekistonlik murabbiylar salohiyatini oshirish hamda O'zbekistonda futbolning rivojiga hissa qo'shishga tayyor ekanini ma'lum qilgan.
Janob Uliveri hamda Italiya futbol federatsiyasining Yoshlar sektori texnik koordinatori Stefano Bonakkorso shu yilning 15-23 iyul kunlari O'zbekistonga tashrif buyurib, yurtimizdagi bolalar futboli murabbiylari uchun mashg'ulot o'tkazish tartibi, uchrashuvlarga taktik va jismoniy tayyorgarlik ko'rish masalalari bo'yicha o'quv kurslari o'tishadi.



