

Matbuot anjumanida esa “Chelsi”ning sobiq hujumchisi OAV xodimlari savollariga javob qaytardi.
“Monreal” Drogba bilan muzokara o'tkazish huquqini MLSning boshqa vakili “Chikago Fayr”dan 100 ming dollarga sotib oldi. Payshanba kuni Drogbani shahar aeroportida minglab ishqibozlar kutib olishdi. Klub xo'jayini Joui Saputo esa bu Kvebek shahri va jamoa uchun katta voqea ekanligini xursandchilik bilan ta'kidladi.
“Jamoa bilan shartnoma tuzishdan avval bu yerda ajoyib mavsum o'tkazgan Alessandro Nesta bilan suhbatlashdim. Klub prezidenti bilan suhbat ham katta ta’sir ko'rsatdi. “Chelsi”da bu er haqida ma'lumot berishdi va bu men uchun juda muhim bo'ldi. O'z mavqeimni qanday qabul qilaman? Faqat odamlar ko'z oldida superyulduzman, kiyinish xonasida esa oddiy odamman. Barchamiz oddiy insonlarmiz. Men Istambul va Xitoyda bo'lganman, lekin kechagi kutib olish boshqacha bo'ldi. Bunday bo'lishini kutmagandim”, - deya gap boshladi Drogba.
- Klub va Monreal shahridan birinchi taassurotlar qanday?
- Bu yerda turganimdan rostdan baxtiyorman. Bu erga kelish va “Monreal” uchun o'ynash haqida qarorga kelishimda klub prezidenti bilan uchrashuv va uning so'zlari katta ahamiyat kasb etdi. U menga iliq va do'stona murojaat qildi. Bu hayotimda yangi bosqich, loyiha va sinov demakdir. Bu yerda meni katta ishlar kutib turganiga umid qilaman. Monreal – ko'p qirrali va madaniyatli shahar, bu muhim. Uni yaqindan bilishni va loyihani amalga oshirishni xohlayman.
- Mavsumlar oralig'ida “Chelsi” Monrealda yig'inlar o'tkazgan. Sobiq jamoadoshlaringiz bilan qaroringizni muhokama qilish uchun uchrashdingizmi?
- Barcha tanlovimdan ajablanmadi (kuladi). Nemanya Matich, Eden Azar, Joze Mourinyo.Barcha shaharni va klub infratuzilmasini maqtadi. Sport jihozlariga kelsak, jahondagi kam sonli jamoalar bunday imkoniyatga ega. Jamoada o'zimni qulay his qilishim juda muhim. Baza ham ahamiyatli. Sobiq jamoadoshlarim gaplari meni hayron qoldirdi, keyin internetga kirdim va muxlislar videosini ko'rdim va ular qanchalik ijobiy ekanligini tushundim.
- Qachon birinchi uchrashuvni o'ynashingizni bilasizmi?
- Bu menga bog'liq bo'lganda juma kuniyoq maydonga tushgan bo'lardim. Jiddiy aytsam, ikki yarim oy futbol o'ynamadim. Tayyorgarlik ko'rish uchun ma'lum vaqt kerak. So'ng murabbiy bilan buni muhokama qilamiz – barchani qoniqtiradigan qarorga kelamiz. O'ynab, jamoaga foyda keltirishim mumkin, menga to'ydagi general vazifasini bajarish yoqmaydi.
- Sizningcha, MLS saviyasi o'syaptimi?
- Ha, Yevropadan kelgan birinchi avlod futbolchilari tufayli, aytaylik, Devid Bekxem. Hozir ligada Frenk Lempard, Stiven Jerrard, David Vilya o'ynamoqda. Ular chempionat saviyasini ko'tarishadi. Bu futbolchilar tufayli liga Yevropada yanada ko'proq e'tiborga ega bo'ladi.
- Sizda chempionatga ko'nikish uchun muammo yuzaga keladimi?
- Men bir narsani bilaman: futbol barcha yerda bir xil. Hamma joyda futbolning umumiy tilida gaplashamiz. Shunday ekan, tez ko'nikib ketaman. Kot-d’Ivuardan 6 yoshimda ketganman, ota-onamdan yiroqda o'sdim, hayotidma ko'p narsani ko'rdim. O'zimga ishonaman – yangi sharoitga tez ko'nikib keta olaman.
Behzod NAZAROV tayyorladi.



