Ilhom Qurbonov: "2015 yil OCHL uchun harakat qilamiz"

Narzulla Saydullayev
17 dek 2014, 17:44
Keyingi yil oliy liga uchun tashlangan qur'adan so'ng "Mashal" vice-prezidenti Ilhom Qurbonov o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
"O'tgan yiliyam qur'a biz uchun og'ir keldi deb aytishgandi. Biroq aslida taqvim har doim bir xil bo'ladi. Barcha raqiblar bilan baribir qachondir o'ynaymiz. Shunchaki mavsum boshida yigitlar yaxshi formada bo'lishsa bas", - deydi Qurbonov.

- Yangi mavsum uchun "Mashal" o'z oldiga qanday maqsad qo'yildi?

- Avvalo barcha o'yinda g'alaba uchun o'ynaymiz. Iloji bo'lsa Osiyo Chempionlar ligasiga yo'llanma uchun kurshamamiz. Yani 2014 yilgi natijamizni yaxshilashga urinamiz.

- Buning uchun tarkibni yaxshigina kuchaytirish kerak bo'ladi. Bu borada ish olib borilayaptimi?

- Selekciya ishlari davom etmoqda. Bir nechta legionerlar bilan muzokara o'tkazayapmiz. Bugun-erta familiyalarni ma'lum qilamiz.

- Bugunga kelib klubdan ketgan futbolchilar bormi?
- Rasman Mo'ydin Mamazulumov, Abbos Omonov va Andrey Derkach kabi futbolchilarning shartnomalari yakunlandi. Ular jamoamizni tark etishdi. Mirzohid G'ofurovning shu yil oxirigacha amaldagi shartnomasi bor. Biroq u hozirda bizdan ruhsat so'ragan holda "Bunyodkor" mashg'ulotlarida ishtirok etmoqda. G'ofurov qaysi klubda o'ynashini o'zi hal qiladi. Bu masala yaqin kunlarda hal bo'ladi.

- Shukurov va Shomurodov kabi futbolchilarga xorijdan qiziqish bo'lgandi. Hozir vaziyat qanday?
- Otabek Shukurovga "Bunyodkor" qiziqish bildirdi. Toshkent klubi bilan muzokara o'tkazayapmiz. Eldor Shomurodov esa 8 yanvar kuni Germaniya klubida ko'rikdan o'tish uchun uchib ketadi. Nemis klubi uning vizalari bilan shug'ullanmoqda.

- Zohir Qo'ziboev masalasi nima bo'ldi?

- Zohirning 31 dekabrgacha "Mashal" bilan shartnomasi bor. Xorij klubiga o'tishi mumkin. Lekin uni jamoada olib qolishga urinamiz, Qo'ziboev o'zimizga ham kerak.
 

Narzulla Saydullaev suhbatlashdi

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia