

"Husayn Norchaev bilan bog'liq holat menga qanday ko'rindi? Sakkizinchi raqamli futbolchi (Ratino) to'pni nazorat qilayotgan edi va jamoadoshiga to'p uzatmoqchi edi. Norchaev orqadan kelib uning oyog'iga zarba berdi, biroq oxirgi pallada u oyog'ini bukib, zarba kuchini yumshatdi. U oxirigacha oyoq bilan to'g'ridan-to'g'ri hujum qilmadi. Vaziyatni yaqin masofadan ko'rib turganim uchun darhol sariq kartochka ko'rsatdim. VAR hakami ham mening qarorimni tasdiqladi.
Jamshid Iskanderov va Saidazamat Mirsaidov ishtirokidagi to'qnashuvga kelsak, Jamshid bu vaziyatda to'pga o'ynadi. Uning oyog'i yuqoriga harakatlandi. Mirsaidov esa boshi bilan to'p tomon tashlanib, to'qnashuv effektini kuchaytirdi. Jamshidning butsasi bevosita raqibning yuziga emas, balki peshonasiga sirpanib tegdi. Agar butsaning tishlari bilan yuzga to'g'ridan-to'g'ri zarba berilganida, bu shubhasiz qizil kartochka bo'lar edi. Bu vaziyatda oyoq yuqoriga, yani to'pga qaratilgan. Bu detallarni maydonda aniq ko'rganman. VAR hakamlari bilan muhokamadan so'ng ham qarorim to'g'ri ekanligi tasdiqlandi", dedi 42 yoshli mutaxassis.



