

"Klubdan hali hech kim menga ketishim to'g'risida aytgani yo'q. Iste'foga chiqarilganim va o'rnimga yangi murabbiy kelgani haqida eshitdim. Ammo rahbariyat meni chaqirib hali hech qanday gap aytmadi. Chempionatning so'nggi turini o'tkazganimizdan keyin hammamiz tatilga chiqdik. Men hozircha sizga faqat shularni ayta olaman. To'g'ri, joriy mavsumni juda yomon o'tkazdik. Ilgari bu qadar pastki o'ringa tushib ketmagan edik. Buning o'ziga yarasha sabablari bor. Qayerdadir bir xatoga yo'l qo'ydik, qaysidir o'yinlarda omad bizdan yuz o'girdi. Tabiiyki, natijaga murabbiy javobgar hisoblanadi. Murabbiyning qismati shunaqa", - deydi Igor Shkvirin "Futbol Ekspress" gazetasiga.
Eslatib o'tamiz, "Olmaliq" klubiga rossiyalik murabbiy Viktor Kumikov tayinlangani haqida xabarlar chiqqandi. Igor Shkvirin 2008 yilgi mavsumdan buyon "Olmaliq" bosh murabbiyi bo'lib ishlab kelayotgandi.



