Final: Ananalar davom etadimi yoki buziladimi? (prevyu)

Tolibjon Qosimov
26 may 2018, 15:59
Yevropa chempionlar ligasini barcha katta qiziqish va intiqlik bilan kutadi.

Kuzda boshlanadigan ushbu nufuzli musobaqa bahorning so'nggi oyida o'z manziliga yetib keladi. Yevropa chempionlar ligasini qanchalik intiqlik bilan kutilsa, turnirning hal qiluvchi bahsini ikki hissa ko'proq sog'inch bilan qarshi olinadi. Bugun yana YCHLning yana bir qiziqarli mavsumining ajoyib finishiga guvohi bo'lamiz.
"Real" va "Liverpul" jamoalari joriy mavsum YCHLda boshqalardan ko'ra kuchliroq va omadliroq ishtirok etishdi. Shu boisdan ham bugun Kievda bo'ladigan final o'yinida g'oliblikni qo'lga kiritish uchun aynan shu jamoalar kurash olib borishadi.

Xo'sh, finalda kimning imkoniyatlari yuqori?

Bu savolga ayni paytda barcha javob izlamoqda. Kievda bo'ladigan final esa kunning eng aktual mavzusi bo'lib turgan ushbu dolzarb savolga javob topib beradi.

Ungacha esa biz jamoalarning imkoniyatlarini chamalab, biroz tahlil qilib ko'ramiz.


"Real"

Zinedin Zidan qo'l ostida jamoa ketma-ket uchinchi yildirki YCHL finaliga qadar yetib keldi. Zidan YCHL finallarini yutishni odatga aylantirdi. "Real"ni har safar final sari etaklab kelishni esa ananaga tusiga kiritdi. Madridlik qirollik klubi vakillari YCHLda hech kim qilmagan ishni, yani musobaqani ketma-ket ikki bor yutishni uddalashdi. Bu ham etmagandek mana uchinchi yildirki final eshigini qoqib kelishdi. Aynan mana shu yaqqol faktlarning o'ziyoq bugungi bahsda "Real"ning imkoniyatlari naqadar yuqori ekanligini ko'rsatib turish uchun etarlidek ko'rinadi. Chunonchi "Real" finallarda yutqazishni xush ko'rmaydigan va yutqazmaydigan jamoa hisoblanadi. Shu boisdan ham "Real"ga alohida tarif mavjud: "Real" finallarda o'ynash bo'yicha mutaxassis jamoa!".

Lekin shu o'rinda "Real"ning YCHL finalida oxirgi va yagona mag'lubiyatga uchratgan jamoa - "Liverpul" bo'lganini yoddan chiqarmagan maqul. Aynan shu jihat bugungi bahsga jamoa yanada xushyorroq va jiddiy yondoshishi uchun etarli.

"Real" uchun bugungi bahs haqiqiy final! Hal qiluvchi o'yin! Nafaqat YCHL doirasidagi final, balki mavsumni qanday o'tganini baholab beruvchi haqiqiy FINAL! Chunki jamoa ichki chempionat va mamlakat kubogida juda qoniqarsiz ishtirok etdi. YCHLda finalga qadar yetib kelgani mavsumdagi qolgan  muvaffaqiyatsizliklarni hozircha yopib turibdi. "Real" ketma-ket uchinchi marotaba YCHL g'olibiga aylansagina, bu jamoa uchun mavsum yomon yakunlanmaganini anglatishi mumkin. Aks holda jamoa 2017/2018 mavsumni hech qanday sovrinsiz muvaffaqiyatsiz yakunlaydi.

"Real"ning asosiy quroli - qarshi hujum. Madridliklar raqibni o'z jarima maydonchalari oldida qarshi olib, keyin tezkorlik bilan qarshi hujum uslubida jazolashni xush ko'rishadi. "Real" bu ishni eplashni ham boplaydi. Marseloaning tezligi, Ronalduning aniqligini ishga solishda esa Kroos va Modrichning uzun hamda juda yuqori aniqlik bilan to'p uzatishlari - "Real"ning qarshi hujumlarini xavfli qiyofaga keltirishda asosiy rolni bajaradi.

"Real"ning yana bir ustunlik tarafi - jamoa yomon o'ynab turgan paytda ham vaziyatdan silliqqina chiqib ketish qobiliyatiga ega. "Real" azaldan juda sovuqqon va xotirjam jamoa. Ularning aynan ushbu xotirjamligi va sovuqqonligi raqiblarni asabiylashtirib, o'yinini izdan chiqarishda ham yaxshigina xizmat qiladi.

"Real"ning ikkita yaqqol ustun va xavfli jihati mavjud. Birinchisi raqib jarima maydonchasi oldidagi "qotil" - Ronaldu. Ikkinchisi garchi chap qanot himoyasida o'ynasa ham, hujumlarda hujumchilardanda xavfliroq bo'lgan Marselo. Ushbu ikkala futbolchi istalgan paytda porlab chiqishlari mumkin.



"Liverpul"

Bu jamoa haqida gap ketganda ko'z oldimizda hujumkor, tajovuzkor o'yin uslubini tadbiq etadigan "Liverpul" gavdalanadi. Yurgen Klopp va bu jamoaning azaliy falsafasi bir-biriga juda mos kelishi ham "Liverpul"ning hozirgi muvaffaqiyat kalitiga aylangan. Joriy mavsum "Liverpul" YCHLda raqiblar darvozasini eng ko'p ishg'ol jamoa bo'lib turganiyoq mersisaydliklarni finalga qadar yetib kelishgani hech qanday tasodif emasligini isbotlab turibdi. Chunonchi, YCHLda raqiblar darvozasiga gollar yog'dirish bu hazilakam ish emas. "Liverpul" faqatgina birgina "Portu"ga qarshi javob bellashuvida maydonni golsiz tark etgan. YCHLdagi qolgan 11 uchrashuvning barchasida raqiblari darvozasidagi qulfga kalit topishga muvaffaq bo'lgan.

"Liverpul"ning eng universal "kaliti" - Muhammad Saloh. Saloh har qanday qulfni ochishga qodir "kalit" hisoblanadi. Shuningdek, Roberto Firmino va Sadio Mane singari "qulf" tanlamaydigan "kalit"larga ega jamoa istalgan jamoa bilan o'yinda favorit maqomiga da'vogarlik qilsa qiladiki, ammo hecham autsayder roliga tushib qolmaydi. Aynan shu jihatlarning o'ziyoq bugungi finalda finallarda o'ynash bo'yicha mutaxassis sanalayotgan "Real"ga kattagina muammo taqdim eta olishini ko'rsatib turibdi.

"Liverpul"ning "Real"ning holatiga o'xshash jihati shundaki, jamoa joriy mavsum chempionatda to'liq kutilgan natijani qayd etmadi. Birgina yupanch bo'ladigan jihati shuki, jamoa YCHLga o'rin beradigan hududdan joy olishdi. Ammo "Liverpul" na kubokda va na chempionatda sovrindor bo'lolmadi. Bu esa bugungi final o'yini "Liverpul" uchun ham butun mavsumga haqiqiy bahoni beradigan HAL QILUVCHI uchrashuvga aylanishini anglatadi. To'g'ri, "Liverpul" YCHLda juda mashaqqatli va uzoq yo'lni bosib kelganiyoq ajoyib natija. Chunki jamoa tarkib borasida agarda hujumdagi "uchlik"ni inobatga olmasa, yevropada kuchli-o'ntalikka ham kirolmaydi. Klopp mavjud mahsulotlardan shirin taom tayyorlagani haqiqat. Finaldagi har qanday natija jamoaning butun mavsumda qilgan mehnatlariga soya sololmaydi. Lekin "Liverpul" finalda shunchaki ishtirok etish sharaf deydigan jamoalar sirasiga kirmaydi. Bu jamoaning YCHLda o'z tarixi va ananalari mavjud. Aynan "Liverpul" "Real"ni YCHL finalida so'nggi bor ranjitgan jamoa ekaniyoq mersisaydliklarga qo'shimcha ruh va kuch bag'ishlaydi.

"Liverpul" ham "Real" singari qarshi hujumda qanday o'ynash kerakligini biladigan jamoa. Yurgen Kloppning falsafasini negizi - tezlik. Klopp boshqargan jamoalar doim tezkorlikka asosiy urg'uni qaratgan. Klopp jamoasi tezlik, yuqori drayv, agressiv o'yin orqali raqibni ojiz nuqtasiga zarba berishni xush ko'radi. Shuningdek, jamoa raqibni o'z jarima maydonchasi atrofida yuqori pressing orqali taqib etishda benazir o'ynay oladi.



Bo'sh nuqtalar

"Real"ning eng zaif va bo'sh nuqtasi - himoya. "Liverpul"da ham himoya eng ojiz nuqta. Aynan shu jihatdan jamoalar juda o'xshash. Kuchli taraflari ham o'xshash bo'lgan bu raqiblarning o'zaro qarama-qarshiligi yanada jozibali va go'zal o'tishiga shubha yo'q. "Real" va "Liverpul" har o'yinda deyarli gol urishlari kafolatlangan. Lekin o'z darvozalaridan to'p olib chiqishlari ham juda katta ehtimol. "Real" va "Liverpul"ning hujum chizig'i qanchalik qo'rqinchli va xavfli bo'lsa, himoya borasida aksincha fikr bildirish mumkin. Bu jamoalar hech qachon mustahkam mudofaa chizig'i bilan maqtana olmagan. Balki bu narsa neytral muxlislarni finalga bo'lgan chanqoqlarini ikki hissa oshirishi mumkin, ammo har ikkala tomon tarafdorlarini esa tashvishga qo'yadi.

Individual va chiziqlar bo'yicha solishtirilsa, "Liverpul" faqatgina hujumdagi nomlar va o'yin bilan teng keladi yoki ustunlik qilishi mumkin. Ammo markaz, himoya va darvozabon borasida "Real" ikki bosh ustun.

"Real" va "Liverpul" o'rtasidagi yana bir e'tiborga molik fakt shuki, "Real" o'yini chiqmay turgan pallada ham g'alabani o'zi tomonga og'dirib ketish tajribasiga ega. Yani, "Real"ni ma'lum bir o'yinni yutishi jamoani qanday futbol namoyish etishiga bog'lanib qolmagan. "Liverpul" esa aksincha, juda zo'r o'ynab turgan uchrashuvda ham qandaydir daqiqalar ichida himoyadagi bo'shliqlar tufayli g'alabani qo'ldan chiqarib yuborgan o'yinlarni ko'p ko'rganmiz. Yani, "Liverpul"ning zo'r o'yini ham ularga g'alabani kafolatlamaydi. Bu ham o'sha jamoalarning chiziqlar borasidagi muvozanati teng emasligiga borib taqaladi. Bunday holatda esa "Liverpul"ning hujum chizig'iga juda katta yuk tushadi. Chunki aynan ularning super o'yini va samaradorligi "Liverpul"ni muvaffaqiyat sari etaklashi katta ehtimol.

Aslini olganda juda bir-biriga o'xshash jihatlari ko'p raqiblar to'qnashuvi. Mahorat bobida "Real" ustunroq ko'rinsada, "Liverpul" bugungi finalda hecham autsayder maqomiga tushib qolmaydi. Chunki jamoa ko'rsatayotgan va qayd etayotgan natija va samaradorlik buni to'liq inkor etishga qodir. Taktik qarash va uslublardan kelib chiqib aytadigan bo'lsak, bugungi final haqiqiy futbol spektakliga aylanib ketishiga ishonish oson. Zidan va Klopp final uchun alohida taktik reja tayyorlab qo'yishmagan bo'lsa, unda biz bemalol chiroyli va ochiq final guvohiga aylanamiz deb baralla ayta olamiz. Lekin bu final va bunda natija har qanday uslub yoki o'yindanda muhimrok. Shu tomondan olib qaralsa, final taktik kurashlarga aylanib ketishi mumkin. Buning ham o'ziga xos qiziq va yaxshi taraflari mavjud. Taktik kurashlar natijasida g'olibni finallarning shirin tami deya etirof etiladigan penaltilar seriyasi orqali aniqlash ham mumkin. Buyog'ini endi vaqt ko'rsatadi.

Ko'pchilikning diqqat-markazida ayni paytda Ronaldu va Saloh to'qnashuvi. Misoli "Oltin to'p" poygasiga qiyoslanmoqda. Bu ikkala futbolchining jamoasi uchun ahamiyatiga hech qanday shubha yo'q. Ajoyib futbol ustalari. Lekin "Liverpul"da yana bir nom borki, uni etirof etmaslik adolatdan emas. Roberto Firmino. Braziliyalik ushbu ajoyib futbolchi hozircha Salohning soyasida bekinib qolayotgandek. Ammo "Liverpul"ning o'yin chizgisida Firminoning o'rni va ahamiyati beqiyos. "Real"da esa Ronaldudan tashqari asosiy futbolchi Marselo. Ramosning oxirgi soniyalarda kiritadigan gollari "Atletiko" bilan o'yinlarda qolib ketgan. Ayni paytda "Real"ning o'yindagi kayfiyati Marseloning harakatlari ham bog'lanib qolganini etirof etish joiz.



Zidan & Klopp: Ananalar davom etadimi yoki buziladimi?

Murabbiylar to'qnashuvi haqida gapiradigan bo'lsak, garchi Zidanning natijalari qanchalik ko'rkam va chiroyli ko'rinmasin, ammo uni murabbiy sifatidagi imzosini Kloppnikidan ustun jihatini ajratib ko'rsatish imkonsiz. Yurgen Klopp o'z imzosini barchaga ko'rsatgan va aniq chizib bo'lgan mutaxassis. Zidan esa aynan qanday va qay uslubga ega ekani hali-hamon ko'pgina bahsli holat sifatida etirof etilmoqda. Yana bir jihat shuki, Klopp murabbiy sifatida Zidandan qiziqarliroq. Zidan esa YCHLdagi aqlbovarqilmas natijalari orqali uni hurmat qilishlariga majburlamoqda.
Yurgen Klopp doim kuchli mutaxassislar bilan to'qnashuvda g'olib chiqadi. Klopp har qanday jamoaga qarshi raqibdan kelib chiqib taktika tanlaydigan mutaxassis hisoblanmaydi. Aksincha, har qanday holat va tarkibi bilan o'z uslubini raqibga uqtirishga urinadi.

Zidan YCHLda ketma-ket uchinchi yil finalga qadar yetib keldi. Va hozircha barcha finallarni o'z foydasiga hal etgan. Fakt shuki, Zidan evrokuboklarning hal qiluvchi bahsida yutqazmagan. Yurgen Klopp esa bunga qadar bitta YCHL va EL finalida ishtirok etgan. Va har ikkalasida ham mag'lubiyaga uchragan. Yani, Klopp hali evrokuboklarda g'alaba qozonmagan. Bugungi Kievdagi final har ikkala murabbiylar uchun uchinchisi.



Nima deb o'ylaysiz, ananalar davom etadimi yoki buziladimi?


Shahboz Beg'amov

O'xshash yangiliklar


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: championat.asia