Farhod Nishonov: "Futbolchilarimiz rivojalanayotgani va o'sishga erishayotgani ko'rinib turibdi"

Aslanov Jasurbek
2 sen 2026, 21:40
Proliganing navbatdagi turidan o'rin olgan "Olimpik Mobiuz" - "Metallurg" (3:2) uchrashuvidan so'ng mezbonlar murabbiyi Farhod Nishonov fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

"Bugun alamli mag'lubiyatga uchradik. O'yinni yaxshi boshladik, yigitlar yaxshi o'ynashdi. O'yinning oxirgi daqiqalariga borib, yigitlar ozgina emociyaga berildi. Gol urish uchun shoshildik. Gol o'tkazib yuborganimizdan keyin, oxirgi daqiqalarni hisoblaganda, yigitlarning o'yinidan ko'nglim to'ldi. Ko'rdingiz, juda ko'p vaziyatlar, vaziyatlarni gol uradigan o'yinchini topa olmayapmiz. Agar gollar, vaziyatlarimizdan foydalanganimizda, men o'ylayman, g'alaba qozonishimiz kerak edi",- deydi Farhod Nishonov.

- Bugun, ayniqsa, ikkinchi bo'lim, menimcha, bu mavsum men ko'rgan "Olimpik Mobiuz"ning o'yinlari ichida eng kuchli o'yinni ko'rsatdi, ayniqsa, ikkinchi bo'limda. Bilmayman, o'nlab vaziyat yaratib tashladinglar, yaqqol golli vaziyatlar. Shu vaziyatlardan foydalana olmaslikda bugun ikkala hujumchining ham yo'qligi qay darajada ta’sir qildi? Yani, asosiy hujumchi Diyor Tojiboev yo'q edi va ehtimoliy hujumchi rolida o'ynashi mumkin bo'lgan Jo'rabek Jo'raev ham yo'q edi bugun U-19 dan hujumchi keldi. Uni almashtirganingizdan keyin umuman sof hujumchisiz qolib ketdi jamoa.
- To'g'ri aytdingiz, hujumchimiz yo'q deyarli. Hali tiklanmagan Daler Tuhsanovni o'ynatishga majbur bo'ldik. U-19 dan hujumchi olishga majbur bo'ldik, chunki biz Abdug'afur Haydarovni ham tayyorlab kelayotgandik, u oxirgi kun kyetib qoldi. Ikkita hujumchimiz esa kartochkalari ko'payib ketgani uchun o'yinlarni o'tkazib yubordi. Bugun qiyin vaziyatda edik, lekin o'sha aytganingizdek, hujumchi baribir hujumchilar.

- Farhod aka, bugun jamoa o'yin surati bo'yicha, murabbiy imzosi, hujum tashkil qilish, jamoaviy o'yin bo'yicha "Metallurg"dan ustunligi ko'rindi. Lekin qandaydir vaziyatlarda baribir raqibning individual sifatli futbolchilari o'yinni hal qilib ketdi. Chunki "Metallurg"da ham jamoaviy o'yin deyarli ko'ringani yo'q, "Olimpik Mobiuz"ga nisbatan. Mana shu jarayonga qandaydir qarshi himoya topa olmadingizmi?
- O'zi futbolda birinchi o'rinda sifat turadi. Shunday sifatli o'yinchilarga hamma murabbiy muhtoj. Chunki qiyin vaziyatlarda, yakuniy qarorlarni qabul qilishda, gol urishda yo oxirgi pas berishda ularning baribir yordami juda katta bo'ladi. Har bir jamoada ko'rsangiz, lider o'yinchilari bor. Hozirda bizda yetakchi o'yinchimiz yo'q. "Metallurg" faqat individual kuch hisobiga yutib ketdi. Raqibning legioner futbolchisi o'yinni hal qildi. O'yinchining sifati baribir birinchi o'rinda turadi futbolda. Jismoniy sifatdan ham, taktikadan ham, texnikadan ham, futbolchining sifati har doim ustun turadi.

- "Olimpik Mobiuz" jamoasi bugungacha yaxshi natijalar qayd etib kelayotgan edi. Beshta o'yindan to'rtta g'alaba. E'tiborli jihati, o'sha to'rtta g'alabaning ikkitasida "Sho'rtan" va Aral" bilan o'yinlar ham bor edi. Jamoa mana shu davrda bunday yaxshi natija ko'rsatishiga, natijalari ijobiy tomonga keskin o'zgarishiga nima sabab bo'ldi?
- Futbolchilarimiz o'zgaryapti, rivojlanyapti. Yangi jamoa tuzganmiz. Yigitlar o'yindan-o'yinga kuchayib boryapti. Bu aniq ko'rinyapti, chunki mashg'ulotda yoki uni o'yindan keyin analiz qilganimizda, jismoniy holatimiz juda ham yuqori darajaga qarab ketyapti. Yana bitta muhim jihat, bizga, to'sqinlik qilgan narsa shuki, biz o'yinlar soniga, uch-to'rt kunlik o'yin rejimiga moslashib, reja qilib, o'sha tartib bo'yicha tayyorgarlik ko'rgandik. Lekin Respublika akademiyasi bilan qoldirilgan o'yin bizning rejamizni juda katta buzib yubordi. O'ylaymanki, bu ham o'yinga ta’sir qildi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia