Eldor Shomurodov: "Hozir faqat "Istanbul Bashakshehir" haqida o'ylayapman"

Sherzod Nurmatov
20 yanv 2026
O'zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov nima sababdan Italiya A Seriyasidan Turkiya Superligasiga o'tib, "Istanbul Bashakshehir"ni tanlaganini tushuntirib berdi.

"Men "Istanbul Bashakshehir"ni ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lish uchun tanlaganman. Murabbiylar shtabi va jamoaning o'yin uslubi menda juda katta taassurot qoldirdi. Hozir men faqat "Istanbul Bashakshehir" haqida o'ylayapman. Ligadagi boshqa hech bir jamoa variantini ko'rib chiqmadim", – dedi futbolchi.

Shomurodov o'tgan yozda "Roma"dan "Istanbul Bashakshehir"ga ijara asosida o'tgandi. Bitim qiymati 3 million evroga teng bo'lib, turk klubi futbolchini to'liq sotib olish huquqini ham qo'lga kiritgan.

Transfer o'zini to'liq oqladi: 30 yoshli hujumchi Superligada 18 o'yinda 13 ta gol urdi va Turkiya chempionati to'purarlari ro'yxatida peshqadam bo'lib turibdi. U hatto yulduz Viktor Osimxenni ham ortda qoldirgan - unda 6 ta gol bor.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Anadolu Agency