Eldor Boymatov: "Futbolchilarga beradigan motivaciyaning o'zi qolmadi"

Aslanov Jasurbek
10 avg 2026, 21:45
Proliga 14-turidan o'rin olgan "Lochin" – "TerDU" (2:1) uchrashuvidan keyin "TerDU" bosh murabbiyi Eldor Boymatov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Bahs qiziqarli kechdi, yaxshi futbol guvohi bo'ldik. Birinchi taymda hisobni ochib oldik, lekin xavfli vaziyatlarimiz ikkinchi bo'limda ko'proq bo'ldi. Futbolda sen urmasang, senga urishadi degan gap bor. Bugun shuning guvohi bo'ldik. Raqib ikki bor to'p kiritib g'alaba qozondi. Bizda esa vaziyatlardan foydalanish borasida muammolar ko'rindi. Eng katta muammoimiz realizaciya bo'lib turibdi.

- Avvalgi o'yindan keyin matbuot anjumanida jamoani yig'ish qiyin kechayotgani, moliyaviy muammolar borligi haqida gapirdingiz. Bugungi o'yinga kelish qanchalik qiyin bo'ldi?
- O'yinga ikki soat qolganida keldik. Yana gapiradigan bo'lsam, muammolar ko'p, yaxshisi jim turganim maqul. Futbolchilarimiz qiyinchilikka qaramay futbolni yaxshi ko'rishgani uchun ham maydonda harakat qilishyapti. Buning uchun rahmat. O'yindan o'yinga ko'rsatayotgan futbolimiz yaxshilanib boryapti. Bugun ham yomon harakat qilmadik, faqat bahs oxirlarida gol o'tkazib yubordik. Oxirgi 10-20 daqiqalikda jismoniy holatimiz zo'r emasligi pand berib qo'yyapti.

- O'tgan yil oliygoh tomonidan jamoaga e'tibor yuqori edi. Bu mavsum nimaga e'tibor susayib ketdi?
- O'tgan yilning birinchi davrasi biz juda qiyin o'tgandi. Hatto safar uchrashuvlariga borishga pul topolmay qolganmiz. Shunda viloyatimiz hokimi tashabbusi bilan jamoa Termiz davlat universiteti qaramog'iga o'tkazildi. Boshida e'tibor yuqori bo'ldi, har yutuqqa mukofot pullari berila boshlandi. Lekin bu yil smeta bo'yicha muammomi yoki boshqa sababmi, endi buni ko'proq rahbarlar biladi, jamoamiz qiynalib qola boshladi. Men faqat sharoitimiz og'ir deya olaman.

- Mavsum oxirigacha hali yana safarda o'yinlar bor, uyda ham uchrashuvlar o'tkaziladi. Moliyaviy holat nima bo'ladi?
- O'zimizda "Qiziriq" jamoasining rahbari bor, shu kishi yordam qo'lini cho'zaman deganlar. Balki hammasi yaxshi bo'lib ketar.

- Hatto Superligada bir necha oylab oylik olmagan klublar bor. Sizning jamoangizda bu borada vaziyat qanday?
- Mart-aprel-may oylari uchun hali oylik olmadik, lekin yaqinda iyun bilan iyulni oldik.

- G'alaba uchun mukofot pullari bormi?
- Yo'q. Faqat oylik maosh bor.

- Shunday holatda jamoani qanday tortyapsiz?
- Futbolchilarga nima deyish kerak bo'lsa, hammasini aytib bo'ldik. Beradigan motivaciyaning o'zi qolmadi. Birinchi davradan beri faqat o'zinglar uchun o'ynanglar, yaxshi o'yin ko'rsatsangiz kuchli jamoalar olib ketadi deymiz. Etti nafar o'yinchimiz ketgan bo'lsa, shundan besh nafari yaxshi jamoaga o'tdi. Kim yaxshi o'yin ko'rsatsa, o'ziga boshqa jamoa topadi. Futbolchilarga shundan boshqa motivaciya bera olmayapmiz.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia