Davron Fayziev: “Muhimi – himoyada yotib olganimiz yo'q”

Narzulla Saydullayev
20 may 2019, 09:25
“Buxoro” – “Dinamo” uchrashuvidan keyin mehmonlar murabbiyi Davron Fayziev o'yin haqida fikr bildirdi.

- “Buxoro” ham, “Dinamo” ham bugun faqat g'alaba uchun intilishdi. Jangovar o'yin guvohi bo'ldik. Faqat o'yinni bezash uchun gollar yetishmadi xolos. Biz Buxoroga 3 ochko qo'lga kiritish uchun kelgan edik. Bugun yigitlar maydonda borlarini berib harakat qilishdi. Asosiysi – ochko qo'lga kiritildi. Har bir ochko o'z qadriga ega. Biz bugun yomon o'yin ko'rsatmadik. Muhimi – himoyada yotib olganimiz yo'q. Hujumga o'tishga intildik. Sekin-asta kelasi o'yinlarda ijobiy natijaga ham erishamiz. Endi e'tiborni keyingi o'yinga puxta tayyorlanishga qaratamiz.

Buxoroliklar ham yaxshi tarkibga ega jamoa sanalishadi. Ular ham biz ham g'alabani ilib ketishimiz mumkin edi. Jamoamizning ishtiyoqi yaxshi edi, ammo shuncha vaziyatlar yaratib gol urolmaslik bu mahoratning yetishmasligini ko'rsatmoqda. Shu bois, bugungi o'yinda hujumchilarimizga o'z etirozim bor. Umuman olganda esa, butun jamoa himoyaga yotib olmay, qo'rqmay hujumga otlanib, muxlislarga yoqadigan futbol ko'rsatganidan qoniqish hosil qildim. Shunchaki, bugungidek ochko yo'qotishlar, kuzda jo'jani sanaydigan vaqtda bizga pand berishi mumkin.

Bugun Samarqanddan Buxoroga kelgan yuzlab muxlislarimizga rahmat, biz ularning tinmay qo'llab-quvvatlashi tufayli xuddi o'z uyimizda to'p surgandek bo'ldik. Ajoyib ishqibozlik uchun muxlislarimizga rahmat. Keyingi bahslarda ham yuqori ishtiyoqda ishlashda va g'alaba qozonish uchun bor kuch va imkoniyatimizni ishga solamiz.
Usmon Ibodov yozib oldi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcdinamo.uz