"CA" Superligani yangicha formatda yoritadi

26 fev 2018, 14:11
Yangi boshlanajak Superligani saytimiz orqali ancha keng qamrovda va o'zgacha uslubda yoritib borishni rejalashtirganmiz.

Superliga o'yinlarini ko'pchilik katta qiziqish bilan kutmoqda. “CA” ham o'zgacha ko'rinishdagi chempionatni yangicha formatda keng yoritishni maqsad qilgan. Yangi mavsumdan e'tiboran har bir turdagi eng yaxshilarni aniqlashga alohida e'tibor qaratiladi.

Endilikda 12 jamoa qatnashadigan yangicha formatdagi chempionatni har bir turida “Championat.asia” sayti 12ta nominaciya bo'yicha g'oliblarni aniqlashni joriy qiladi.

1. Tur ramziy terma jamoasi
Izoh: Tur davomida yaxshi o'ynagan 11 nafar futbolchi o'z poziciyalari bo'yicha joylashtirib chiqiladi. Bu yerda asosan foydali ish koefficientidan kelib chiqib futbolchilar ramziy jamoaga kiritiladi.


2. Turning eng yaxshi futbolchisi 
Izoh: Turda eng yaxshi o'ynagan va o'yin natijasiga ta’sir ko'rsata olgan futbolchi o'zaro so'rovnomaga ko'ra aniqlanadi.


3. Tur murabbiyi 
Izoh: Murabbiy imzosi yaqqol ko'ringan o'yin va jamoasi muvaffaqiyat qozongan murabbiy o'zaro so'rovnomaga ko'ra aniqlanadi. Uchrashuv qiymati qanchalik ahamiyat kasb etishi va jamoa statusi ham inobatga olinadi.


4. Turning eng chiroyli goli
Izoh:  O'zaro so'rovnomaga ko'ra eng chiroyli gol aniqlanadi.


5. Tur o'yini
Izoh: Eng qiziqarli, voqealarga boy va ko'plab muhokamalarga sabab bo'lgan uchrashuv tur o'yini deb topiladi. Bu nominaciyani aniqlashda ko'plab mezonlar inobatga olinadi.


6. Tur matbuot xizmati
Izoh: Klub rasmiy saytida, ijtimoiy tarmoqlardagi sahfalarida uchrashuvni keng yoritgan klub matbuot xizmati eng yaxshi deb topiladi. Bu yerda avvalo operativlik, kerativlik hamda o'yinoldi va uchrashuvdan keyingi tadbirlarni qanchalik keng yoritilgani inobatga olinadi. Shu mezonlar bo'yicha eng faol va chaqqon ishlagan klub matbuot xizmati eng yaxshiga aylanishi mumkin. (Video, foto, afisha, poster, promo-rolik, anons, prevyu, flesh-intervyu, statistika va hokazo)


7. Tur hakami
Izoh: Yangi mavsumdan boshlab hakamlarga qo'yiladigan ballar rasman e'lon qilinmaydi. Biz esa har bir turda eng yaxshi hakamni aniqlashni joriy qilmoqchimiz. Bunda avvalo o'yin natijasiga ta’sir qiladigan kichik yoki qo'pol xatolarga yo'l qo'ymagan hamda o'yinga ko'p ham aralashib yubormagan hakam tanlanadi.


8. Tur iqtibosi
Izoh: Har bir tur oldidan yoki o'yindan keyingi matbuot anjumanlarida futbolchi va murabbiylar tomonidan bildiriladigan tesha tegmagan fikrlarning eng sarasi tanlab olinadi.


9. Tur darvozaboni
Izoh: Turning eng yaxshi futbolchisi nominaciyasida g'olib bo'lishga asosan maydonda harakat qiladigan futbolchilarning imkoniyatlari yuqori sanaladi. Shu boisdan biz turning eng yaxshi darvozaboni nominaciyasini alohida joriy etishni rejalashtirdik. Darvozabonlar o'zga olam. Har bir turdan keyin eng yaxshi darvozabon nominaciyasida o'zaro so'rovnomaga ko'ra g'olib aniqlanadi.


10.Tur muxlislari
Izoh: Uchrashuv davomida va o'yindan keyin natijadan qati nazar jamoasini eng yaxshi qo'llab-quvvatlagan, bahs davomida tinimsiz olqishlab, stadionni larzaga keltira olgan muxlislar ushbu nominaciyada g'olib chiqadi.


11.Tur fotosi
Izoh: Eng kreativ va noyob rasm tanlab olinadi. Ushbu nominaciyada nafaqat “CA” fotomuxbiri olgan surat, balki klub matbuot xizmati tomonidan taqdim etiladigan foto ham ishtirok etadi.


12.Turning eng zerikarli o'yini
Izoh: Turning eng zerikarli uchrashuvi aniqlanadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia