“Bunyodkor” bir qator futbolchilar bilan shartnoma imzoladi

Eldor Akmurzayev
13 fev 2021, 20:20
Kecha Ravshan Yagudin va Sunnatilla Abdullajonov 2021 yilgi mavsumda “Bunyodkor” libosida to'p tepishi haqida ma'lumot berilgandi.

“Bugun yana besh nafar futbolchi faoliyatini rasman jamoamiz bilan bog'ladi.

Tajribali hujumchi Shahboz Erkinov 2021 yilgi mavsumda ham Bunyodkor sharafini himoya qiladigan bo'ldi. 2020 yilgi mavsum avvalida jamoamizga kelib qo'shilgan futbolchi 6 ta goli bilan “Bunyodkor”ning g'alabalariga o'z hissasini qo'shdi. O'ylaymizki, hujumchimizning bu yilgi gollari soni yanada ko'proq bo'ladi va mavsum “Bunyodkor” uchun ham Erkinov uchun ham omadli kechadi.

Shuningdek, “Bunyodkor” akademiyasi tarbiyalanuvchilari Bilol Tupliev, Jahongir O'rozov, Asad Qahhorjonov, Tohir To'xtasinov bilan ham shartnomalar imzolandi. Aytish kerak, Bilol Tupliev o'tgan mavsum Ivan Boshkovich murabbiylik qilgan, Toshkent shahar chempionatida ishtirok etgan jamoamiz safida to'p tepgan. Jahongir O'rozov, Asad Qahhorjonov va Tohir To'xtasinov “Bunyodkor” akademiyasida Mirkamol Qosimov murabbiyligidagi 2004 yilgi guruhning yetakchilari, qolaversa, o'tgan mavsum Toshkent shahar birinchiligida qatnashgan “Bunyodkor U-18” jamoasi a'zolari hisoblangan. Ivan Boshkovich va Mirkamol Qosimov shogirdlari endi o'rinbosarlarimiz a'zosiga aylandi va bosh murabbiy Abduhamid Qodirov qo'l ostida to'p suradigan bo'ldi. Aytmoqchimizki, “Bunyodkor” akademiyasidagi o'ziga xos “zanjir” saqlanib qolindi.

To'rt nafar tarbiyalanuvchimiz hali 18 yoshni qarshilamagani sababli Reglamentga ko'ra, ularning ota-onasi ishtiroki va guvohligida shartnoma imzolandi”, deb yoziladi klub xabarida.

MA'LUMOT UCHUN

SHAHBOZ ERKINOV

Tug'ilgan sanasi: 16.07.1986 yil

Tug'ilgan joyi: Toshkent shahri

"Paxtakor" futbol maktabi tarbiyalanuvchisi

Ampluasi: hujumchi

 

FAOLIYATI

2003-2004 yillar "Paxtakor" (o'rinbosarlar)

2005 yil "So'g'diyona"

2006 yil "Sho'rtan"

2007 yil "Paxtakor"

2008 yil 1-davra "So'g'diyona"

2008-2010 yillar 1-davra "Pas" (Eron)

2010-2011 yillar "Sho'rtan"

2012 yil "Paxtakor"

2013 yil AGMK

2014-2015 yillar "Navbahor"

2016 yil 1-davra "Mashal"

2016-2017 yillar "Nasaf"

2018 yil "Buxoro"

2019 yil "Qo'qon-1912"

2020 yildan "Bunyodkor"

O'xshash yangiliklar


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: fcbunyodkor.com