"BILD": Sidney Sem va Fabian Gifer yozda "Shalke 04"ga ko'chib o'tishadi

Narzulla Saydullayev
7 dek 2013, 16:16
"BILD" nashri tarqatgan xabarga ko'ra, bir necha mavsumdan buyon Leverkuzenning "Bayer" jamoasi safida muvaffaqiyatli to'p surib kelayotgan Sidney Sem faoliyatini yangi mavsumdan boshlab "Shalke" da davom ettiradigan bo'ldi.
Leverkuzenliklar safida ishonchli o'yin namoyish etib ko'pchilik muxlislar qalbidan joy ola bilgan Sem qadrdon jamoasi safini tark etadi. 25 yoshli futbolchiga so'nggi vaqtlarda ko'plab top-klublardan "sovchilar" kelayotgan edi. Oxir-oqibat Sidney Gelzenkirxenga ko'chib o'tadigan bo'ldi. "BILD" nashrida qayd etilishicha, transfer summasi 2,5 million Evroni tashkil etadi. Ushbu transfer mavsum yakunlashgach amalga oshiriladi. 

Tarkibni kuchaytirishga katta e'tibor qaratayotgan "Shalke" Semning transferi bilan cheklanib qolmoqchi emas. Gelzenkrixenliklar Dyusseldorfning "Fortuna" jamoasi darvozaboni Fabian Gifer bilan kelishuvga erishishdi. Ma'lumki, Manuel Noyer "Bavariya"ga sotib yuborilgandan so'ng "Shalke"da darvozabonlar bilan bog'liq mumammo yuzaga kelgan edi. Shu boisdan "Shalke" mamuriyati Giferni sotib olishga qattiq urg'u berib kelayotgandi. Chunki, Gelzenkirxenlikar Giferni Noyerning vorisi sifatida ko'rishmoqda. Olingan ma'lumotlarga qaraganda, "Shalke" Fabian Gifer bilan to'rt yillik shartnoma imzolaydi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: bild.de