Bekzod Qodirqulov: "O'yin kamida durang natijaga mos edi"

Aslanov Jasurbek
22 sen 2021, 21:41
Pro-liganing 19-turidan o'rin olgan "Yangier" - "Xorazm" (1:2) uchrashuvidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Bekzod Qodirqulov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

O'yin haqida

- Avvalo "Xorazm" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman. Birinchi o'rinda aytishim mumkin, bugun juda yomon o'yin o'tkazdik. Hujum tashkil qilishda kamchiliklarga yo'l qo'ydik. Birinchi bo'limda bir yoki ikkita vaziyat yarata oldik xolos. Raqiblarda ikkita vaziyat yuzaga kelgandi, ular ikkisidan ham foydalanib ketishdi. Bu yigitlarga ruhan ta’sir ko'rsatdi. Ikkinchi bo'limda o'zgarishlarga qo'l urdik, o'yinimiz kuchaydi. Hujumlarni tashkil eta boshladik, lekin yakunlovchi zarbalarda xatoliklarga yo'q qo'ydik. Muxlislardan mag'lubiyat uchun uzr so'raymiz.

"Xorazm" yaxshi jamoa, ular bilan 3 marta o'ynadik, uyda durang, safarda mag'lubiyat va yana uyda mag'lub bo'ldik. Bu jamoa biz uchun noqulay raqib bo'lib qolayapti. Xato va kamchiliklardan xulosa chiqaramiz. 

- Safardagi mag'lubiyatdan so'ng bugun bu jamoaga qarshi qanday o'zgarishlarni amalga oshirgandingiz?

- O'sha o'yindan farqli ravishda bugun qanotlarda o'zgarishlarga qo'l urdik. Boshqa yigitlarga ham o'ynashga imkon berdik, ular bugun maydonda yomon harakat qilishmadi. Ikkinchi bo'limda yuzaga kelgan vaziyatlardan foydalana olganimizda o'yin kamida durang natijaga mos bo'lgandi. Xatolar tufayli yutqazdik deb o'ylayman. Futbolda omadning o'rni ham muhim hisoblanadi. 

- Pro-ligada hech bir jamoa quyi ligaga tushib ketmasligi aniq bo'ldi. Shunday vaziyatda jamoaga qanday motivaciya berish mumkin?

- Birinchidan har bir futbolchi professional bo'lishi kerak. O'z ishiga jiddiy yondashish kerak. O'rin ololmaganimiz yoki tushib ketmaganimizga e'tibor qaratmasdan oxirigacha futbol o'ynash kerak. Motivaciya qanday, hozirdan keyingi mavsumga tayyorgarlikni o'ylashimiz va birinchi o'rinda muxlislar uchun o'ynashimiz kerak. Safar o'yinlarida ham maksimal ishlashimiz kerak. G'alaba qozonish va muxlislarni xursand qilishimiz kerak.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia