Andijon yig'ini Toshkentga ko'chdi

Narzulla Saydullayev
10 fev 2017, 14:41
Farg'ona hokimi kubogi-2017 turnirining guruh bahslari yakuniga etgach Andijon murabbiylari futbolchilarga qisqa muddatli dam bergandi.

Kuni-kecha jamoamiz a'zolari navbatdagi yig'inni Toshkentda davom ettirish uchun poytaxt tomon yo'l oldi. Ko'pincha har yili qishda jamoamiz uchun vaqtinchalik baza vazifasini o'tab beradigan Admiral mehmonxonasi yana Andijon ixtiyorida ekanligini aytib o'tish lozim.

Kecha jamoamiz a'zolari rejaga muvofiq tibbiy ko'rikdan o'tkazildi.

Tarkibga ikki nafar o'yinchi kelib qo'shilganini ma'lum qilamiz. Bular - darvozabon Azizbek Abubakirov va himoyachi Abdurasul Komilovdir. Abubakirov UzTongXongKo (zavod jamoasi) posboni hisoblanib yanvar oyida jamoamiz yig'inida ishtirok etgandi. Murabbiylar uni poytaxtdagi yig'inga ham taklif etishdi. Himoyachi Komilovni esa andijonlik muxlislar yaxshi biladi u so'nggi yillarda birinchi liga ishtirokchisi UzDongJu sharafini himoya qilib kelayotgandi. Endilikda Abdurasul viloyatning bosh jamoasi uchun o'ynaydi.

Bundan tashqari yaqin kunlar ichida yana boshqa futbolchilar ham kelib qo'shilishi kutilmoqda.

Bungacha jamoa ko'rigida bo'lgan yarim himoyachi Shukur Jumaboev kuni-kecha Andijon lagerini tark etdi. Mashg'ulotlar odatdagidek kuniga ikki mahaldan o'tkazilmoqda. Ertalabki mashg'ulotlar trenajyor zalida o'tayotgan bo'lsa tushlikdan keyingi mashg'ulotlar hozircha Do'rmon stadionida olib borilmoqda.

11 fevral kuni Andijon poytaxt yig'inidagi ilk nazorat uchrashuvini o'tkazadi. Sparring raqibimiz Bunyodkor jamoasi bo'ladi.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia