Aleksandr Tokov - “Oq-tepa” bosh murabbiyi

Narzulla Saydullayev
21 iyul 2013, 10:08
Shu kunga qadar "Oq-tepa" jamoasida katta murabbiy sifatida ishlab kelgan Aleksandr Tokov bundan buyon bosh murabbiy lavozimida faoliyat olib boradi.
Klub rahbariyati kecha iste'foga chiqarilgan Vladimir Anikinning o'rniga eng yaxshi nomzod sifatida Aleksandr Sultanovich Tokovni topishdi. Eslatib o'tamiz, Aleksandr Tokov aprel oyida tashkil qilingan murabbiylar kursida o'qib, “S” licenziyasini olgan.

FUTBOLCHILIK FAOLIYATI

Aleksandr Sultanovich Tokov - 1981 yil 1 sentyabrda Sirdaryo viloyatida tavallud topgan Aleksandr futbolchilik faoliyati davomida himoyada to'p tepgan. 19 yoshida Toshkentning “Traktor” jamoasining asosiy tarkibida o'ynay boshlagan himoyachi 2005 yilga qadar Vadim Abramov qo'l ostida shug'ullangan. O'zining chaqqon harakatlari bilan Farg'onaning “Neftchi” klubi murabbiylar shtabining e'tiborini qozongan Sasha 2005-2007 yilgi mavsumlarni azim chinorlar yurtida o'tkazgan.

Keyin Toshkentga qaytgan futbolchi “Lokomotiv” tarkibidan joy oldi. 2010 yil “So'g'diyona” safiga qo'shilishdan oldin yarim mavsum “Oq-tepa” sharafini ham himoya qildi. Himoyachi Jizzaxdagi ikki yillik faoliyatdan so'ng yana poytaxtga qaytdi va “Oq-tepa” libosini kiydi. So'nggi ikki yilni jamoamizda o'tkazgan himoyachi bu yildan murabbiylik faoliyatini boshladi.

MA'LUMOT UCHUN
Ismi-sharifi
: Aleksandr Sultanovich Tokov 
Tug'ilgan sanasi: 01.09.1981
Tug'ilgan joyi: Sirdaryo viloyati
Futbolchilikdagi ampluasi: himoyachi
O'ynagan jamoalari: “Traktor” (2000-2005 yillar), “Neftchi” (2005-2007 yillar), “Lokomotiv” (2007-2009 yillar), “So'g'diyona” (2010-2011 yillar), “Oq-tepa” (2009-2010, 2011-2012 yillar)

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: oq-tepa.uz