Ro'ziqul Berdiev: "Nasaf"ning homiysi - butun Qashqadaryo"

Alisher Ostonov
1 mar 2026
Superliga 1-turdan o'rin olgan "Nasaf" - "Xorazm" (1:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida qarshiliklar bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev ishtirok etdi.


- O'yin haqida fikringiz?

- Og'ir o'yin, lekin yoqimli g'alaba bo'ldi. "Xorazm" bilan o'tgan yil ham qiynalib o'ynagandik. Bugun ko'plab vaziyatlar yarata oldik. Agar maydon holati yaxshiroq bo'lganida, yanada chiroyli o'yin ko'rsatgan bo'lardik.

- Denis Shalaning harakatlari haqida fikringiz?

- Shala bugun ko'p mehnat qildi va o'z mehnatiga yarasha mukofot oldi. Gol urib jamoamizga g'alaba keltirdi. Gol urilgan vaziyatda to'pni yo'qotib, keyin yana qaytarib oldi, boshqaga uzatmay o'zi zarba yo'lladi va hammasini o'zi amalga oshirdi.

- Mavsum avvalida "Nasaf"dagi moliyaviy holat, klub homiysi kim bo'lishi haqida ko'p savollar yangradi. Bugun ko'rdikki, jamoa o'z titul homiysiga ega bo'libdi.

- Shuni aytishim mumkin, "Nasaf"ning homiysi - butun Qashqadaryo. Qashqadaryoning imkoniyatlari juda yuqori. Bugun viloyatimiz hokimi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi va bu uchrashuv hammada iliq taassurot qoldirdi. Viloyat hokimi Murotjon Berdialievichning gaplari futbolchilar ruhiyatini ko'tardi. Bu juda muhim hisoblanadi. U kishining "Nasaf" har doim e'tiborimizda bo'ladi, hech narsani o'ylamay bemalol kurash olib boringlar deb aytgani yigitlarga katta turtki berdi.

- Birinchi bo'limdagi uchta vaziyatda Oybek Rustamov o'z vaqtida to'pni sheriklariga uzatmadi. 

- Xato hammada bo'lib turibdi. Balki Oybek texnik xatolarga yo'l qo'ygandir, lekin ko'p mehnat qilib jamoamiz g'alabasiga hissa qo'shdi. 

- Atayin pas bermagandek ko'rindi.

- Men bu fikrdan umuman yiroqman. Hech kim noto'g'ri pas berish haqida o'ylamaydi. Atayin pas bermaslik o'z jamoasiga qarshi o'ynash hisoblanadi. Oybek aslo bunday harakat qilmaydi.



- Abduvohid Ne'matovni "Nasaf" boshqa klubga taklif etgani haqida eshitdik. Bu qanchalik rost?

- Nafaqat Abduvohid, balki boshqa futbolchilarimizga ham tayyor shartnoma bor edi. Agar moliyaviy holat ijobiy tomonga o'zgarmasa, o'zimiz yetakchi o'yinchilardan voz kechishga majbur bo'lardik. Alashmasam, 8-9 nafar futbolchimizga taklif bor edi. Taklif bilan chiqqan murabbiylar va klublar bo'ldi. Lekin hammasi yaxshi yakun topdi va o'zimiz xohlagan futbolchilarni olib qoldik.

- Oxirgi paytlarda "Nasaf" o'z tarbiyalanuvchilarini osongina qo'ib yuboryapti. Bu yerda qandaydir muammo bormi?

- Futbolchi jamoada qolish-qolmasligini murabbiy hal qilmaydi. Chunki futbolchining klub bilan shartnomasi bo'ladi. Jamoamizni tark etganlar o'z xohishiga ko'ra, shu yo'lni tanlashdi. Biz 4-5 yillik shartnoma taklif qiladigan holatda emasmiz. Asosan bir yilga shartnoma taklif qilamiz. Shu bois bir yildan keyin aksar futbolchilar kyetishni xohlab qoladi.

- Legionerlardan voz kechamiz deb o'tgan yil aytgan edingiz. Bugun Shala o'zini ko'rsatgan bo'lsa, yana ikki nafar xorijlik deyarli o'ynamadi. Rejangizda ularni ham o'ynatish bormi?

- Legionerlarimiz shartnomasi yozgacha. Biz ularga taklif bo'lsa klub qo'yib yuborishini bildirdik. Ammo taklif bo'lavermagach, ularning o'zi shu yerda qolib jamoaga yordam berish istagini ma'lum qilishdi.

- Akmal Mozgovoyni chaqirib ko'rdingizmi?

- Akmal eng avvalo "Nasaf" taklifini kutdi. Lekin moliyaviy holatimiz yaxshi emasdi va futbolchiga taklif yubora olmadik. Shundan so'ng "Paxtakor" variantini tanladi.

- Demak, keyinchalik qaytishi mumkinmi?

- O'z tarbiyalanuvchilarimizga har doim eshigimiz ochiq.

-  "Nasaf" shu tarkib bilan kuchli uchlikka kira oladimi?

- Bir gapni aytishim mumkin, biz haliyam yaxshi tarkibga egamiz. Yoshlarning shijoatini ko'rib turibmiz. Nasib qilsa, mavsum davomida o'zinimizni ko'rsatamiz. Nafaqat uchinchi o'rin, chempionlikka ham harakat qilamiz.


Alisher OstonovMuallif
Manba: championat.asia