Sevilyadan Sankt-Peterburggacha: Evro-2020'dagi 11 shaharning 11 stadioni

Sherzod Nurmatov
10 iyun 2021
Siz bilan birgalikda Yevropa chempionati geografiyasini o'rganamiz.

- Dastlab Evro-2020 13 shaharning 13 stadionida o'tishi lozim edi.

- 2017 yil dekabrda Bryussel Milliy stadion qurilishining kechikishi sababli mezbon shaharlar ro'yxatidan chiqib ketdi. Bryusselda bo'lib o'tishi kerak bo'lgan uchrashuvlar Londonga ko'chdi.

- 2021 yil aprel oyida Evroni qabul qiladigan shaharlar ro'yxatida yana o'zgarishlar yuz berdi: Bilbaoning o'rnini Sevilya egallagan bo'lsa, Dublin undan butkul chiqib ketdi. Irlandiya poytaxtida o'tishi mo'ljallangan o'yinlar London va Sankt-Peterburg o'rtasida taqsimlandi.

Evro-2020'ning 11 o'yingohi

1. London (Angliya) - "Uembli" (90 000, tribunaning 25% qismini to'ldirishga ruxsat etilgan)

O'yinlar (8): Angliya - Xorvatiya (13 iyun), Angliya - Shotlandiya (18 iyun), Chexiya - Angliya (22 iyun), 1/8 finalning ikki bahsi (26 va 29 iyun), ikki yarim final (6 va 7 iyul), final (11 iyul).

- Evro-2020 asosiy stadioni: "Uembli" har qaysi stadiondan ko'ra ko'proq o'yinlarni o'zida qabul qiladi (8 uchrashuv), Londondagi stadionda turnirning asosiy to'qnashuvlari o'tkaziladi - ikki yarim final hamda final.

- Eski "Uembli" (1923-2000) o'rniga xuddi shu nom bilan yangi qad rostlagan zamonaviy stadion Angliyada bo'lib o'tgan Evro-1996'ning asosiy arenasi edi. 25 yil oldin "Uembli"da guruh bosqichidan o'rin olgan Angliya - Shotlandiya (2:0) uchrashuvi, shuningdek, chorak final doirasidagi Angliya - Ispaniya (0:0, pen. bo'yicha 4:2), yarim finaldagi Angliya - Germaniya (1:1, pen. bo'yicha 5:6) va Germaniya - Chexiya (2:1, "Oltin gol") finali kabi hal qiluvchi bahslar o'tkazilgan.

- Angliyada bo'lib o'tgan Evro-1996'ning Germaniyaga qarshi kechgan yarim finalda o'yindan keyingi penaltilar seriyasiga murojaat qilingan. O'shanda Angliya terma jamoasining hozirgi murabbiyi Garet Sautgeyt muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

- Yangi "Uembli" (2007 yilda ochilgan)ning asosiy o'yinlari Chempionlar Ligasining 2 ta finali sanaladi – 2011 yilgi ("Barselona" - "Manchester Yunayted" - 3:1) va 2013 yildagi ("Bavariya" - "Borussiya" Dortmund" - 2:1).

2. Sankt-Peterburg (Rossiya) - "Sankt-Peterburg" (62 315, 50% qismi to'lishiga ruxsat berilgan)

O'yinlar (7): Belgiya - Rossiya (12 iyun), Polsha - Slovakiya (14 iyun), Finlyandiya - Rossiya (16 iyun), Shvetsiya - Slovakiya (18 iyun), Finlyandiya - Belgiya (21 iyun), Shvetsiya - Polsha (23 iyun), chorak final o'yini (2 iyul).

- "Sankt-Peterburg" - bu "Gazprom Arena"ning notijorat nomi.

- Rossiya stadioni Evro-2020 o'yinlarining umumiy soni bo'yicha "Uembli"dan keyin ikkinchi o'rinda turadi - 7 ga 8.

- Sankt-Peterburgda JCH-2018 o'yinlari bo'lib o'tgan, shu qatorda uchinchi o'rin uchun kechgan Belgiya - Angliya o'yini (2:0).

- Bu yil "Gazprom Arena" Chempionlar Ligasi finalini o'tkazishi kerak edi, ammo pandemiya xaritalarni chalkashtirib yubordi. UEFA Sankt-Peterburgga 2022 yilgi Chempionlar Ligasining hal qiluvchi o'yinini o'tkazishini vada qilmoqda.

3. Rim (Italiya) - “Olimpiko” (72 698, 25% to'lishiga ruxsat etilgan)

O'yinlar (4): Turkiya - Italiya (11 iyun), Italiya - Shveytsariya (16 iyun), Italiya - Uels (20 iyun), chorak final uchrashuvi (3 iyul).

- "Olimpiko"da Evro-2020'ning ochilish uchrashuvi bo'lib o'tadi, unda Turkiya hamda Italiya o'zaro bahslashadi.

- Bu tarixiy shaharning asosiy arenasi uchun Evro-1968 va Evro-1980'dan keyingi uchinchi Yevropa chempionati bo'ladi.

- Darhaqiqat, "Olimpiko" Yevropa chempionatining uchta finalini qabul qilgani bilan maqtana oladi:

1968 yil: Italiya - Yugoslaviya - 1:1

1968 yil (qayta o'yin): Italiya - Yugoslaviya - 2:0

1980 yil: GFR - Belgiya - 2:1

4. Myunxen (Germaniya) - Alyanc Arena" (75 000, 20% to'lishiga ruxsat etilgan)

O'yinlar (4): Fransiya - Germaniya (15 iyun), Portugaliya - Germaniya (19 iyun), Germaniya - Vengriya (23 iyun), chorak final bahsi (2 iyul).

- "Alyanc Arena" "O'lim guruhi bo'lmish "F" guruhi bahslarini o'zida o'tkazadi, unda mos ravishda avvalgi Yevropa chempionatining g'olibi, finalchisi va yarim finalchisi - Portugaliya, Fransiya va Germaniya pley-offga chiqish uchun kurash olib boradi. 

- Myunxen stadioni bungacha yirik musobaqa - 2006 yilgi Jahon chempionatining o'yinlariga mezbonlik qilgan. O'sha paytda "Alyanc Arena"da Germaniya (Kosta-Rikaga qarshi ochilish uchrashuvi va 1/8 finalning Shvetsiya bilan o'yini), Fransiya va Portugaliya o'zaro ushbu stadionda o'ynagan.

- 2011/12 yilgi Chempionlar ligasi finali "Alyanc Arena"da bo'lib o'tgan. Myunxenning "Bavariya"si o'z maydonida Chempionlar Ligasi finalida maydonga tushgan tarixdagi birinchi jamoaga aylandi va "Chelsi"ga yutqazdi.

5. Boku (Ozarbayjon) - "Olimpiya" stadioni (70 000, 50% tomoshabinga ruxsat)

O'yinlar (4): Uels - Shveytsariya (12 iyun), Turkiya - Uels (16 iyun), Shveytsariya - Turkiya (20 iyun), chorak final o'yini (3 iyul).

- "Olimpiya" stadioni Evro-2020 arenalarining "ikkinchi toifa"siga kiritilgan, ahamiyati jihatidan faqat yarim final va finalni o'tkazadigan "Uembli"dan keyin ikkinchi o'rinda turadi. 

- Boku  Sankt-Peterburg, Rim va Myunxen kabi chorak final o'yinlarining biriga mezbonlik qiladi.

- Ushbu arenaning o'ziga xos belgisi sifatida Yevropa Ligasi 2018/19 yilgi mavsumining final uchrashuvini keltirib o'tish mumkin. O'sha o'yinda Londonning ikki klubi to'qnash kelishgan, biri boshqasiga imkoniyat qoldirmagan: Chelsi - Arsenal - 4:1.

6. Glazgo (Shotlandiya) - "Xempden Park" (52 103, 25% qismiga ruxsat berilgan)

O'yinlar (4): Shotlandiya - Chexiya (14 iyun), Xorvatiya - Chexiya (18 iyun), Xorvatiya - Shotlandiya (22 iyun), 1/8 final uchrashuvi (29 iyun).

- Evro-2020’dagi eng eski stadion: "Xempden Park" 1903 yilda ochilgan.

- Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra 1937 yilda "Xempden Park"da o'tkazilgan Angliya va Shotlandiya o'rtasidagi o'yinga 150 ming tomoshabin yig'ilgan. Qo'shimchasiga arenaga yana taxminan 20 mingga yaqin tomoshabin ham kirgan deb aytiladi.

- Chempionlar Ligasi/Kubogi finallarini uch marta o'tkazgan:

1. 1959/60 yilgi mavsum. "Real" - "Ayntraxt" Frankfurt - 7:3 (eng ko'p muxlis kirgan final - 135 000 tomoshabin)

2. 1975/76 yilgi mavsum. "Bavariya" - "Sent-Eten" - 1:0 (myunxenliklar ketma-ket uchinchi sovrinni yutishgan)

3. 2001/02 yilgi mavsum. "Real" - "Bayer" - 2:1 (Zidan g'alaba golini urgan, siz bu golni ko'rmagan bo'lsangiz, futbol muxlisi emassiz)

7. Amsterdam (Niderlandiya) - "Yoxan Kroyf Arena" (54 990, 25% yoki 33% to'lishiga ruxsat bor)

O'yinlar (4): Niderlandiya - Ukraina (13 iyun), Niderlandiya - Avstriya (17 iyun), Shimoliy Makedoniya - Niderlandiya (21 iyun), 1/8 final bahsi (26 iyun).

- Ilgari ushbu stadion "Amsterdam Arena" deb nomlangan, 2018/19 yilgi mavsum boshlanishidan oldin u taniqli niderlandiyalik futbolchi va murabbiy sharafiga o'zgartirilgan.

- Ushbu stadionda Evro-2000 o'yinlari bo'lib o'tgan, shu qatorda niderlandiyaliklar xafa bo'lgan yarim final Niderlandiya - Italiya (0:0, pen. bo'yicha 1:3) o'yini.

- "Amsterdam Arena" 1997/98 yilgi Chempionlar Ligasining final uchrashuvini o'tkazgan, unda "Real" "Yuventus" ni 1:0 hisobida mag'lub etgan.

8. Budapesht (Vengriya) - "Ferenc Pushkash" (67 215, 100% to'lishiga ruxsat etilgan)

O'yinlar (4): Vengriya - Portugaliya (15 iyun), Vengriya - Fransiya (19 iyun), Portugaliya - Fransiya (23 iyun), 1/8 final o'yini (27 iyun).

- Evro-2020’ning eng yosh stadioni: deyarli 2 yil oldin - 2019 yil 15 noyabrda ochilgan.

- Yevropa chempionatida tomoshabinlarni kiritishga cheklovlar qo'yilmagan yagona o'yingoh. 

- Budapeshtda "Liverpul" va "Leyptsig", "Borussiya" Myonxengladbax va "Manchester Siti" o'rtasidagi Chempionlar Ligasi 1/8 final uchrashuvlari o'tkazilgan. Shuningdek, o'tgan yili "Bavariya" hamda "Sevilya" o'rtasidagi UEFA Superkubogi o'yini ham aynan "Ferenc Pushkash"ga ishonib topshirilgandi.

9. Sevilya (Ispaniya) - "Estadio La Kartuxa" (60 000, 30% to'lishiga ruxsat berilgan)

O'yinlar (4): Ispaniya - Shvetsiya (14 iyun), Ispaniya - Polsha (19 iyun), Slovakiya - Ispaniya (23 iyun), 1/8 final o'yini (27 iyun).

-  Sevilya 23 aprel kuni Evro-2020 mezbonlari ro'yxatidagi yana bir Ispaniya shahrini - Bilbaoning o'rnini egalladi, sababi mahalliy hokimiyat "San-Mames"ga tomoshabinlar kirishini istamadi.

- Stadion 1999 yilda engil atletika bo'yicha jahon chempionati uchun qurilgan.

- 2002/03 yilgi UEFA kubogi finaliga mezbonlik qilgan. O'shanda "Portu" "Seltik"ni 3:2 hisobida mag'lub etgandi.

- Ushbu maydonda 2020/21 yilgi Millatlar Ligasida Ispaniya Germaniyani tor-mor keltirgan – 6:0.

10. Buxarest (Ruminiya) - "Milliy" stadioni (55 600, 25% to'lishiga ruxsat mavjud)

O'yinlar (4): Avstriya - Shimoliy Makedoniya (13 iyun), Ukraina - Shimoliy Makedoniya (17 iyun), Ukraina - Avstriya (21 iyun), 1/8 final bahsi (28 iyun).

- Usti to'liq yopiladigan Evro-2020 stadionlaridan biri. Qolgan ikkitasi - "Sankt-Peterburg" va "Parken".

- Stadion 2011/12 yilgi Yevropa Ligasi finaliga mezbonlik qilgan - "Atletiko" - "Atletik" Bilbao (3:0).

11. Kopengagen (Daniya) - "Parken" (38 100, 45% to'lishiga ruxsat bor)

O'yinlar (4): Daniya - Finlyandiya (12 iyun), Daniya - Belgiya (17 iyun), Rossiya - Daniya (21 iyun), 1/8 final o'yini (28 iyun).

- Daniya guruh bosqichidagi barcha o'yinlarni o'z uyida o'tkazadi. Rossiya bilan o'yin mezboni qur'a tashlash yo'li bilan aniqlandi. Bu orqali Rossiya - Daniya o'yini Kopengagenda o'tkaziladigan bo'ldi.

- Evro-2020’da eng kam tomoshabin sig'adigan stadion.

- "Parken"da UEFA tasnifidagi 2 ta evrokubok finali bo'lib o'tgan va ularning har ikkisida "Arsenal" ishtirok etgan: "Kanonirlar" 1994 yili Kubok Egalari Kubogida "Parma"ni engishgan bo'lsa, 2000 yilda UEFA Kubogida "Galatasaroy" ustidan g'alaba qozonishgan.

Sherzod Nurmatov tarjimasi


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: soccer.ru