So’nggi yangiliklar

20:07Суперлига. ОКМК - «Бунёдкор» 0:0 (Матнли трансляция)  1 20:00Суперлига. "Қизилқум" – "Локомотив" 0:0 (матнли трансляция)  4 19:45"Ливерпуль" "Ювентус" ҳимоячисини сотиб олмоқчи  0 19:19"Челси" ва "Атлетико" "Атланта Юнайтед" ўйинчисига даъвогар  1 18:43"Манчестер Юнайтед" ва "Атлетико" "Болонья" ҳимоячисига қизиқмоқда  0 18:00Максим Шацких: "Украина терма жамоаси ҳозирги таркиб билан Еврода узоққа бориши мумкин"  12 17:26Про лига. "Машъал" сафарда "Олимпик-MobiUz" билан дуранг ўйнади  4 17:11АПЛ болбойларнинг ўйинга таъсирини чеклайди  1 16:45МЮ "Ювентус" футболчиси учун ўз вингерини беришга ва қўшимча тўлов қилишга тайёр  1 16:11"Барселона" тарбияланувчисини қайтармоқчи  2 15:41"Ницца" АПЛ клублари қизиқаётган ҳимоячиси учун нарх белгилади  0 15:10ПСЖнинг 2 нафар футболчиси сафга қайтди  0 14:08Шенсни "Юве"да қолиши учун маоши камайишига рози бўлиши керак  1 13:40Гризманн қайтди  1 13:21Дилмурод Назаров хотирасига бағишланган "Наврўз Кубоги-2024" мусобақаси қандай ўтди?  9

APL karvoni yo'lga chiqmoqda Yangiliklar

APL karvoni yo'lga chiqmoqda

Bugun futbol bo'yicha dunyoning eng qiziqarli, eng tomoshabop, eng ko'p sarmoya kiritiladigan, eng ko'p auditoriyaga ega chempionatining 2016-2017 yilgi bahslariga start beriladi.

Yuqoridagi tariflardan gap Angliya premer ligasi haqida ketayotganini payqash qiyin emas.
Premer liganing ilk turi oldidan o'yinlarga va jamoalarga qisqacha to'xtalib o'tishga qaror qildik.

"Xall Siti" – "Lester Siti"

Stadion: "The KCOM Stadium"
Boshlanish vaqti: 13.08.2016, 16:30
Bosh hakam: Mayk Din



CHempionatni amaldagi chempionning o'yini boshlab beradi. "Lester Siti" bu uchrashuvda favorit, o'tgan mavsumga solishtirganda faqatgina Kante klubni tark etib, "CHelsi"ga o'tdi. Qolganlar shu erda qolishdi. Premer ligaga asos solingan 1992 yildan buyon amaldagi chempion mavsumni mag'lubiyat bilan boshlamagan (19 g'alaba va 4 durang). Aksincha, CHempionshipdan Premer ligaga chiqqan jamoalar so'nggi bor 2012 yilda dastlabki turni g'alaba bilan boshlashgan. O'shanda, "Vest Xem" bu ishni uddalagan edi.
O'tgan yilgi Marez - Vardi juftligi bu yil yanada kuchaydi, sababi CSKAdan Ahmad Musa jamoaga kelib qo'shildi. Marez - Vardi - Musa uchligi yangi mavsumda raqib himoyachilariga yaxshigina bosh og'rig'i bo'ladi. Vardi va Musadek super tezlikka ega hujumchilarni to'xtatib qolish uchun himoyachilar tezlikdan emas, to'g'ri poziciya tanlashdan foydalanganlari maqul.


"Everton" – "Tottenxem"

Stadion: "Gudison Park"
Boshlanish vaqti: 13.08.2016, 19:00
Bosh hakam: Martin Atkinson



"Tottenxem" o'tgan yili deyarli butun mavsum chempionlik uchun kurashdi va yakunda hatto ikkinchi o'rindan ham quruq qolgan edi. Eden Azarning goli "shporlar"ni kumushdan ham maxrum etgandi o'shanda. Finishdagi bunday "zarba" jamoa ruhiyatiga qay darajada tasir ko'rsatganini boshlanajak mavsumda bilib olamiz. Keyn - Alli juftligi o'tgan yilgi natijalarni takrorlashi uchun ularning yoniga yaxshi formaga kirib olgan Erik Lamela qo'shiladi.

"Everton" o'tgan mavsumni notekis o'tkazdi va bor yo'g'i 11 pog'ona bilan cheklandi. Ronald Kuman bu yil jamoa o'yinini yaxshilashi kerak. Buning uchun rahbariyat unga Idriss Guye, Marten Stekelenburg va Eshli Uilyams kabi futbolchilarni olib berdi.


"Byornli" – "Suonsi"

Stadion:
"Terf Mur"
Boshlanish vaqti: 13.08.2016, 19:00
Bosh hakam: Jonatan Moss



"Byornli" CHempionshipda g'alaba qozondi va APLga qaytdi. SHon Daych shogirdlari mavsumni "Suonsi"ga qarshi uydagi o'yin bilan boshlashadi. CHempionshipdagi muvaffaqiyatda eng asosiy rolni o'ynagan Andre Grey Premer ligada ham o'zini ko'rsatishiga umid qilsa bo'ladi. Ingliz hujumchisi yangi mavsumda ham klubining etakchisi bo'lishi aniq.

Uelsliklar bir nechta etakchilarini sotib yuborishdi, ammo hujumga ispaniyalik Fernando Lorente va Borxa Baston sotib olindi.


"Midlsbro" – "Stok Siti"

Stadion:
"Riversayd"
Boshlanish vaqti: 13.08.2016, 19:00
Bosh hakam: Kevin Frend



APLga qaytgan yana bir jamoa - "Midlsbro". Aytor Karanka boshchiligidagi "boro" bu erda ko'proq vaqt "ushlanib qolmoqchi". Tarkib bir qator o'yinchilar evaziga kuchaytirildi, darvozaga esa Viktor Valdes va Bred Guzan kadi tajribali kiperlar jalb etildi. Kamiga o'tgan yil barcha o'yinlarda harakat qilgan Dimitrios Konstantopulos bor.

"Stok Siti" transfer oynasida unchalik faol bo'lmadi. Mark Xyuzni o'tgan yili "chaqilmas yong'oq" tarifini olgan yigitlar qanoatlantirmoqda, "Stok" faqatgina o'rta chiziqqa "Liverpul"dan Jo Allenni sotib oldi.


"Sautgempton" – "Uotford"

Stadion:
"Sent-Meris"
Boshlanish vaqti: 13.08.2016, 19:00
Bosh hakam: Rodjer Ist



Har ikki klubda ham bosh murabbiy o'zgardi. "Sautgempton"ga Klod Pyuel murabbiy etib tayinlangan bo'lsa, "Uotford"ni endi Valter Maccari boshqarib boradi. Ushbu mutaxassislar yangi jamoalariga qay darajada tayyorlay olganliklarini tez orada bilib olamiz.

Bu qarama-qarshilikda mezbonlarning imkoniyatlarini yuqoriroq baholash mumkin.


"Kristal Pelas" – "Vest Bromvich"

Stadion:
"Selxerst Park"
Boshlanish vaqti: 13.08.2016, 19:00
Bosh hakam: Kreyg Pouson



Toni Pyulis jamoasi hech qachon Premer ligadan tushib ketmagan, lekin "Vest Bromvich"ning transfer oynasidagi passivligi klub kelajagiga shubha bilan qarashga sabab bo'lmoqda. Aksincha, "Kristal Pelas" ushbu yozda Andros Taunsend, Jeyms Tomkins va tajribali Stiv Mandandani o'z tarkibiga qo'shib oldi.


"Manchester Siti" – "Sanderlend"

Stadion:
"Etixad Stedium"
Boshlanish vaqti: 13.08.2016, 21:30
Bosh hakam: Robert Medli



"Manchester Siti" so'nggi yillardagi tarkibi va moliyaviy imkoniyati bilan chempionlik uchun asosiy davogarlar qatoriga kirib oldi. "SHaharliklar" boshqaruvi yangi mavsumda Xosep Gvardiola qo'liga o'tdi. Ispan mutaxassisi "Barselona" va "Bavariya" bilan ko'plab sovrinlarni yutdi. Lekin, APLda unga oson bo'lmasligi tayin. Angliyada Ispaniya va Germaniyadagi kabi "shunchaki" o'yinlar juda kam. Bu erda autsayderlar ham istagan vaqtda favoritlardan ochko tortib olishi mumkin.
Gvardiola jamoalari odatda APLga xos bo'lmagan to'pni nazorat qilishga katta etibor qaratadi. Pepning Premer liga uchun yangi bo'lgan uslubi qanchalik foyda keltirishini mavsum yakunidagina bilib olamiz. Ungacha esa hali uzoq yo'l bosib o'tilishi lozim.


"Bornmut" - "Manchester Yunayted"

Stadion:
"Vitaliti Stedium"
Boshlanish vaqti: 14.08.2016, 17:30
Bosh hakam: Andre Marriner



O'tgan mavsum Bornmutda o'tgan o'yinda Eddi Xau shogirdlari MYUni 2:1 hisobida taslim etishgan edi. O'shanda, Van Gaal asosiy tarkibda Varela, Makneyr va Bortvik-Jekson kabi yosh himoyachilarni tushirgan edi. Kamtargina "Bornmut"ga o'sha natijani takrorlash juda qiyin bo'ladi, chunki Mourino boshchiligidagi "mankunianliklar" tarkibni sezilarli darajada kuchaytirib olishdi.

Joze Mourino "Manchester Yunayted"ni qabul qilib olgach, ko'pchilik "qizil iblislar"ning avvalgi mavqeini tiklab olishiga ishonmoqda. CHunki, Mour deganda ko'pchilikning ko'z oldiga har qanday holatda ham barchaning etiborini o'ziga jalb etadigan va  natija ko'rsata oladigan murabbiy keladi. Ibragimovich, Mxitaryan va Pogba "yulduzli" transferlar bo'ldi. Erik Beyi esa qorong'ulikdan chiqib kelgan "qora marvarid" bo'lishi kutilmoqda. Har holda, Beyi Angliya Superkubogi uchun bahsda o'zidan iliq taassurot qoldirdi. Tabir joiz bo'lsa, "Lester"ga qarshi tarkibdagi eng yaxshi himoyachi bo'ldi.


"Arsenal" - "Liverpul"

Stadion:
"Emireyts"
Boshlanish vaqti: 14.08.2016, 20:00
Bosh hakam: Maykl Oliver



1-turning markaziy o'yini, APL mana shunaqa dastlabki turdanoq tomoshabinlarni "o'tga tashlaydi". Tabir joiz bo'lsa, chempionatning eng jozibador o'yin namoyish etadigan klubi eng hujumkor jamoaga qarshi maydonga tushadi. Klopp shogirdlari hujumkor o'yin namoyish etishadi, ammo ularga stabillik etishmaydi. Barcha o'yinlarda bir tekis harakat qila olmaslik ularga uzoq davom etadigan mavsumda pand berib qo'yishi mumkin. SHuning uchun ham nemis murabbiyi yozgi transfer siyosatini juda faol tarzda o'tkazdi.

"Arsenal" esa hali mavsum boshlanmasdan turib o'z uslubiga sodiq qolgan holda jarohatlar girdobiga sho'ng'ishni boshladi. Jamoa markaziy himoyachilari Koselni, Mertasaker va Gabriellar chempionat oldi o'yinlarida jarohat olishdi. Ularning o'rnini to'ldirish uchun "kanonirlar" ayni paytda SHkodran Mustafini sotib olishga urinishmoqda. Lekin, bu transfer hali "pishmagan". Bundan tashqari, jamoaning markaziy hujumida ham muammolar etarli. Afsuski, Venger markaziy yarim himoyaga Granit Jakadek ajoyib o'yinchini oldi-yu, hujumga yuqori darajadagi futbolchi xarid qila olmadi. Yaponiyalik Asano esa APL tempini ko'tara olishini isbotlashi zarur.


"CHelsi" - "Vest Xem"

Stadion:
"Stemford Bridj"
Boshlanish vaqti: 15.08.2016, 23:55
Bosh hakam: Entoni Teylor



"CHelsi" o'tgan mavsum amaldagi chempionlar uchun APL tarixidagi eng yomon natijani qayd etib berdi. Bu mavsum esa Antonio Konte boshqaruvni o'z qo'liga oldi. Italiyalik mutaxassis himoyani "sinmas" qilish bilan birga hujumga ham katta etibor qaratadi. Uning o'yini faqatgina himoyaviy uslubga tayanmagan. Kontening jamoalari hujumda ham qoyilmaqom harakat qila oladi. Mavsum oldi o'rtoqlik uchrashuvlari shuni ko'rsatdiki, Eden Azar klubda yana etakchilikni qo'lga olmoqda. O'tgan yilgi muvaffaqiyatsiz harakatlar ortda qolgandek ko'rinmoqda, bu holat "ko'klar" muxlislarini faqat hursand qiladi.

Slaven Bilich boshchiligidagi "Vest Xem" esa o'tgan yili etakchilarning rosa "qonini ichgan" edi. Bu yil ham bu holat takrorlanmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Londonliklar tarkiblarini Andre Ayyu va Sofian Feguli kabi texnikasi kuchli futbolchilar bilan to'ldirib oldi.

Premer liga karvoni yo'lga chiqmoqda, uni so'nggi bekatga qadar biz bilan birga kuzatib boring, bundan aslo afsuslanmaysiz. Raneri, Venger, Pochettino, Mourino, Gvardiola, Konte, Bilich, Kuman, Maccari kabi murabbiylar yangi mavsumda APLni yanada tomoshabop qilishlari tayin. CHempionlik yo'lida barcha jamoalarga omad tilab qolamiz.



Tolibjon Qosimov

Reyting: +15   

Fikrlar

championat.asia
Яндекс.Метрика