So’nggi yangiliklar

09:46«Фейеноорд» устози «Ливерпул»нинг қизиқиши ҳақида фикр билдирди  0 09:19Хави «Барселона»да қолиши маълум бўлганидан сўнг нималар деди?  2 08:54«Кальяри» Шомуродовни олиб қолмоқчи. «Рома» эса терма жамоамиз сардорига нарх белгилади  6 08:30Анчелотти «Олтин тўп»га ким лойиқлиги ҳақида фикр билдирди  10 08:04Ўзбекистон кубоги. Бугун 2-тур якунланади ва 3-тур бошланади  1 07:38Футзал. Бугун Эронга қарши финал йўлланмаси учун баҳс олиб борамиз  5 07:15U-23 Осиё кубоги. Қатар - Япония 2:4  0 07:12Реванш олиш вақти келди. Бугун Ўзбекистон ОТЖ Саудия Арабистонига қарши майдонга тушади  31 07:10U-23 Осиё кубоги. Жанубий Корея - Индонезия 2:2 (пенальтилар 10:11)  3 07:05Серия А. "Удинезе" - "Рома" 1:2  0 07:00АПЛ. "Брайтон" - "Манчестер Сити" 0:4  0 04:48Интервью. Исломбек Исмоилов: "Мураббийнинг ҳаёти ўйиндан-ўйингача"  1 01:56U-23 Осиё кубоги. Даҳшат! Индонезия Жанубий Кореяни енгиб, ярим финалга йўл олди. Жамоалар 12 тадан пенальти тепишди  50 00:28Швейцария Суперлигасида ўйин олдидан қорли стадионни мухлислар тозалашди  0 00:11U-23 Осиё кубоги. Ўзбекистон Саудия Арабистонига қарши ўйинолди машғулоти ўтказди  3

Ro'ziqul Berdiev: “Yaxshi jamoani tuzish katta mehnat talab qiladi” Yangiliklar

Ro'ziqul Berdiev: “Yaxshi jamoani tuzish katta mehnat talab qiladi”

Qarshining “Nasaf” klubini hozirda shu jamoada to'p surib xalqqa tanilgan Ro'ziqul Berdiev boshqarmoqda.
Aytish mumkinki, Ro'ziqul Sadullaevich boshchiligidagi jamoaning qayd etayotgan natijalari chakki emas. Xususan “Nasaf” o'tgan yil oliy ligada uchinchi bo'ldi, O'zbekiston Kuboginining finalida ishtirok etdi. Bu ham o'z-o'zidan ro'y berib qolgani yo'q, albatta. Mana endi jamoa bu yil ham uchinchi o'rinni qo'lga kiritishga juda yaqin turibdi. “Paxtakor” – “Nasaf” o'yini arafasida fursatdan foydalanib qarshiliklar bosh murabbiyidan intervyu oldik. Intervyu davomida Ro'ziqul akaning futbolga nisbatan qarashlarini tushunishga harakat qildim.

-   Ayting-chi, murabbiylik sohasiga kirib kelishingiz kutilmaganda ro'y berganmi yoki avvaldan shunga harakat bo'lganmi?
-   Menda oldindan harakat bo'lgan. Futbolchilik paytimdayoq qaysi murabbiy bilan ishlagan bo'lsam, ularning mashg'ulotlarini daftarga yozib borardim. Men doim futbolda qolishni xohlaganman, shu bois har bir murabbiyning ko'rsatmasi men uchun katta ahamiyat kasb etgan. O'z vaqtida ko'p murabbiylar bilan ishlab, ularning har biridan nimadir olishga harakat qilganman.

-   Necha yoshda murabbiy bo'lishga jiddiy ahd qilgansiz?
-   Faoliyatimni tugatish arafasida o'zim uchun yangi sahifa ochish kerakligini bilardim. Bunda hech ikkilanmay murabbiylik kasbini tanlaganman. O'shanda o'ttiz yoshdan oshgandim va ko'proq kelajak haqida o'ylay boshlagandim.

-   O'zingiz uchun ko'proq nimalarni konspekt qilgansiz?
-   Ko'proq murabbiylarning futbolga bo'lgan qarashini yozib borardim. Mashg'ulot jarayonini ham yozib olishingiz mumkin, lekin hozir futbol kundan kunga o'zgaryapti, natijada mashg'ulot o'tkazish jarayoniga ham yangicha yondoshuvlar kirib kelyapti. SHuning uchun men uchun mashg'ulotni yozib borish unchalik muhim emasdi. Men uchun o'zimga saboq bergan murabbiylarning umuman futbolda qanday ish olib borishi qiziq tuyulardi.

-   Aynan qaysi murabbiylarning ish jarayonini puxta o'rgangansiz?
-   Tajribali murabbiylar Bahrom Hakimov, Viktor Kumikovdan ko'p narsa o'rganganman. SHuningdek, ukrainalik mutaxassis Anatoliy Demyanenkodan ham nimadir o'rganish uchun ko'p vaqt sarflashimga to'g'ri kelgan. CHunki bu paytga kelib futbolchilik faoliyatimga yakun yasagandim va o'rganish uchun vaqtim bemalol edi. Tashkiliy masalalar borasida Bahrom Davlatovdan ham ko'p narsani o'rganganman. Qisqa vaqt ishlagan bo'lsak-da, Vladimir Fomichev bilan Edgar Gessning ham menga ko'p yordami tekkan.



-   Nima deb o'ylaysiz, hozirgi futbolchilar orasida xuddi siz kabi murabbiyning aytganlarini daftarga yozib boradiganlari bormi?
-   Endi bilmadim, men kim konspekt qilyapti deb o'yinchilardan so'ramayman. Lekin birga ishlagandan keyin futbolchining qanday ishlashi, o'zini tutishi va dunyoqarashiga qarab kimdan keyinchalik murabbiy chiqishini sezsangiz bo'ladi.

-   Futbol o'ynash masuliyatli, lekin murabbiylik qilish yanada ko'proq masuliyat talab qiladi. Buni avval boshdanoq tushunib etganmisiz?
-   Futbolni tugatib murabbiylikka qadam qo'ygach, chindan ham bu sohaning naqadar qiyin ekanligini tushunib etar ekansan. Ayniqsa, bosh murabbiyning zimmasida katta masuliyat turadi. Futbolchi faqat o'z o'yiniga javob bersa, yordamchi murabbiy ham o'z ishini qilsa bas. Lekin bosh murabbiy hammasini o'zi nazorat qilishi kerak. Qolaversa, bosh murabbiy butun jamoa haqida o'ylaydi. Bir jamoaga qarshi maydonga tushganda raqibni o'rganish va shunga yarasha tayyorgarlik ko'rish birdaniga bo'ladigan ish emas. Bunga haftalab vaqt ketadi. Buni bilgan murabbiy hammasini mana shu bir haftalik reja asosida olib bora bilishi kerak. Jamoani boshqarish qiyin, lekin murabbiylikning o'ziga yarasha qiziq tomonlari ham bor.

-   Siz uchun ideal murabbiy bormi?
-   Endi ideal murabbiy deganda kamchiligi yo'q odam tushuniladi. O'zingiz ko'ryapsiz, kundan kunga futbol tez rivojlanyapti. Bu esa murabbiylarning ishini yanada ko'paytirmoqda. Ideal murabbiy hamma tomonlama kamchilikdan holi bo'lishi kerak, ammo hatto jahon futbolida ham ko'ryapmizki, doim bir tekis o'ynayotgan jamoalar unchalik ko'zga tashlanmayapti. Ish uslubidan o'rnak olsa bo'ladigan murabbiylar ko'p, ammo umuman kamchiligi bo'lmagan murabbiy dunyoda bo'lmasa kerak. SHu bois hech kimni ideal murabbiy sifatida ko'rsata olmayman. Ideal murabbiy bo'lish uchun futbol biro joyda to'xtab turishi, o'sha murabbiy esa hamma narsani bilishi va yutishi kerak.

-   Internet orqali bo'lsa ham Evropadan kimlarning ishini kuzatib borasiz?
-   Biz har qanday xorijlik mashhur murabbiyning ish uslubini yuzaki bilamiz. Televizorda ko'rsatishadi, gazeta va saytlarda yoziladi, ammo bularning aksariyati o'yin kuni yuz beradi. O'sha murabbiy jamoani o'yinga qanday tayyorlaydi, bundan esa bexabaramiz. Natijada ularning ishini yuzaki bilamiz. Futbol ko'rayotganda ko'proq murabbiylarning qanday taktika asosida o'yin olib borishlariga etibor qarataman. Albatta, har bir murabbiyning ishini kuzatib borish maroqli, lekin faqat matbuot orqali o'rganish mushkul. Murabbiyning ishini yaqindan o'rganish uchun o'sha jarayonda qatnashish talab etiladi.

-   Murabbiylikda eng qiyini nima? Yani, nimani ortda qoldirsangiz, qolgani oson kechadi?
-   Menimcha. har qanday murabbiy uchun avvalo yaxshi jamoani shakllantirish birlamchi vazifa hisoblanadi. Jamoa yig'ilib siz xohlagan futbolni namoyish etsa, bundan ko'ngil to'ladi va ishingiz biroz engillashadi. Qachonki futbolchilarning ishidan to'liq qoniqish hosil qilsangiz, shundagina qolgani oson kechishi mumkin. Lekin bu ham vaqtinchalik holat, negaki futbol – bu kurash, hammasi yaxshi bo'lyapti deb turganda natija chiqmay qolsa, yana boshidan boshlashga to'g'ri keladi.

-   O'tgan yil O'zbekistonning “Eng yaxshi murabbiyi” deb topildingiz. SHundan so'ng ko'p intervyularda bunday bo'lishini kutmagandim degan gapni aytib o'tdingiz. Bu bilan nimani nazarda tutgansiz: hali tayyor emasdim demoqchi bo'lganmisiz yoki mendan-da loyiqlar bor edi?
-   Bilasiz, 2012 yilning oxiridan va 2013 yilning boshidan boshlab o'z jamoamizni shakllantirishga kirishdik. Yani, men bosh murabbiy sifatida yana faoliyat yurita boshladim. Natijada o'tgan yil oxirida bronza medallarga ega bo'ldik, O'zbekiston Kubogi finalida o'ynadik. Ko'pchilikka yoqqan futbol namoyish etganimiz uchun ham shu sovrinni menga berishdi deb o'ylayman. Men kutmagandim deganimning sababi jamoani qabul qilib olganimga endi bir yil bo'lgandi va bunchalik tez odamlarning etiborini qozonamiz deb o'ylamagandim. Qolaversa, tan olishimiz kerak boshqa klublarda ham kuchli murabbiylar ko'p.

-   Oliy ligada qaysi murabbiyning ishini muntazam kuzatib hurmat bilan qaraysiz?
-   Alohida birorta murabbiyni kuzatmayman. Men uchun barchaning ish uslubi birdek qiziq. SHuning uchun ham alohida nomlarni aytolmayman. Lekin aytib o'tganimdek, murabbiy har qancha tajribali bo'lmasin, rahbariyat tomonidan unga etarlicha shart-sharoit qilib berilmas ekan, natija ko'rsatishi juda qiyin kechadi.

-   Hozirgi futbolchilarni nazorat qilib borish qiyinmi yo osonmi?
-   Bu borada shuni aytishim mumkin, biz futbolchilarni professionallika o'rgatishimiz kerak. Hozir zamon o'zgaryapti, shu bilan birga odamlarning dunyoqarashi ham o'zgaryapti. Futbolchining o'zi nima kerag-u, nima kerakmasligini tushunib etishi lozim. Ularni muntazam nazorat qilib turish ko'proq eski davr metodlariga o'xshaydi va bu ko'pchilikka xush yoqmaydi. Menimcha, biz ham yangicha qarashlar bilan ishlaydigan davrga etib keldik. Murabbiy o'yinchilariga har kun tanbeh berib turishi shart emas. Oxirgi paytlarda ko'ryapmizki, futbolchilarning o'zi buni tushunib etmoqda va professionallik sari o'zlari birinchi bo'lib qadam qo'yishyapti.



-   Sizningcha, tarbiya ko'proq qaerda olib borilishi kerak: oiladami, futbol maktablaridami yoki klubdami?
-   Albatta, mamlakatimizda ko'plab futbol maktablari faoliyat yurtishi bilan birga yangilari ham tashkil qilinmoqda. Ko'p narsa maktabdan boshlanadi deb bekorga aytishmagan. SHunday ekan, biz o'yinchilarni professionallikka o'sha maktab yoshidan o'rgatib borishimiz zarur. Qolaversa, bu erda oila ham katta rol o'ynaydi.

-   Malumki, siz o'ynagan paytlarda internet hozirgidek rivojlanmagan edi va ko'pchilik yangiliklarni gazetalar orqali bilib olardi. Hozir esa internet asrida yashayapmiz, hammaning qo'lida zamonaviy telefon, ko'pchilik turli ijtimoiy tarmoqlarga ro'yxatdan o'tgan. Agar kuzatayotgan bo'lsangiz, internet futbolchilarga qanday tasir qilyapti?
-   Hozir texnika rivojlanishi davr talabi bo'lib qoldi. Albatta, tezkorlik bo'lgani yaxshi. Qaerda qanday o'yin bo'lgani-yu, kim yutgani, kimlar o'ynagani to'g'risida bir zumda malumotga ega bo'lasiz. Lekin aytib o'tganimdek, hamma narsaning o'z vaqt-soati bo'lishi kerak. Men futbolchilar internetdan foydalanmasin demayman, lekin muntazam internetda o'tirish yaxshi emas. Albatta, bo'sh paytlarda internetga kirib kerakli malumot olishning zarari yo'q, lekin hamma narsaning chegarasi bo'lishi lozim.

-   Tartib-qoidaga rioya qilmaydigan futbolchilarga nisbatan qanday chora ko'rasiz?
-   Klubimiz tomonidan ichki qoidalar va jarimalar belgilab qo'yilgan va barcha bunga birdek amal qilishi shart. Men intizomga qattiq etibor qarataman, qolaversa o'yinchilarimiz endi yosh bola emas va bizda tartibni buzgan holatlar deyarli uchramaydi. Yana shuni aytishim mumkin, futbolchi o'zini mashg'ulotlardan olib qochdimi, bu darhol o'yiniga tasir qiladi. Natijada o'sha o'yinchi keyingi bahslarda maydonga tushmaydi, bu esa uning uchun eng katta jazo bo'ladi.

-   Futbolchi uchun omad kulib boqishi juda katta baxt ekan. Masalan, hozir “Nasaf”da o'ynayotgan Eldor Suyunov, Farrux Sayfiev va SHuhrat Muhammadiev misolida oladigan bo'lsak, bu futbolchilar “Mashal”da ekanligida go'yoki o'sha darajadan boshqa ko'tarila olmaydigandek ko'ringandi. Misol uchun Suyunov bilan Sayfiev birinchi ligada qolib ketsa kerak, Muhammadiev ham shu erda yuraveradi deyishgandi. Mana endi ular milliy terma jamoada ham maydonga tushishyapti.
-   To'g'ri aytdingiz, hattoki SHuhrat Muhammadiev “Mashal”ning asosiy tarkibida o'ynab turgani bilan jamoaning muhim figuralaridan biri emasdi. Futbolchilar haqida gap ketganda shuni aytishim mumkin, ular asosan ikki xil toifaga bo'linadi. Kimdir mehnati, kimdir istedodi orqali yuzaga chiqadi. Bazan istedodli futbolchida pasayish yuzaga kelib, mehnat qilayotgan o'yinchi yuqoriga ko'tarilib ketishi mumkin. Bekorga mehnatning tagi rohat deb aytilmagan. Esimda, Eldor Suyunovni “Nasaf”ga o'zim chaqirgandim, negaki u bilan bitta mahallada turardik va uning imkoniyatlari menga malum edi. Eldor “Nasaf”ga kelganida bunaqa gavdali o'zbek darvozabonini ko'rib, Anatoliy Demyanenko ham hayron qolgandi. Farrux Sayfievni ham jamoaga o'zim taklif qilgandim. U “Nasaf”ga endi kelgan payti o'rinbosarlar bilan shug'ullanishni boshladi. Otasi kelib o'g'lim boshqa jamoada o'ynaydi deb olib ketgandi, ammo bir haftadan keyin mayli “Nasaf”da to'p tepa qolsin deb yana qaytarib olib keluvdi. Farruxni talantli futbolchi deyish qiyin, biroq u juda mehnatkash. Qolaversa, taktik jihatdan ham o'yinga mos keladi.

-   Mashg'ulotlarni o'zbek tilida o'tkazasizmi yo ruschadami?
-   Ko'proq rus tilida. CHunki bizdagi ko'p futbol atamalari ruschada aytiladi. Albatta, o'zimizning o'zbek tilida ham gapirishga to'g'ri keladi. Negaki futbolchiga oddiy va tushunarli bo'lishi uchun baribir ona tilimizda gapirish tasirli chiqadi.

-   “Bunyodkor” bilan o'yindan keyingi matbuot anjumanida aytgan bazi gaplaringizdan so'ng “Nasaf” hali-beri chempionlik uchun kurashmasa kerak degan tasavvur paydo bo'ldi.
-   Men o'sha matbuot anjumanida qanday gap-so'zlar bo'lganini yaxshi eslayman. “Nasaf” chempionlik uchun kurasha oladimi deb so'rashganida men “Yo'q” deb javob berdim. Men bu javobni osmondan olib berganim yo'q, balki jamoamizning hozirgi holatidan kelib chiqib aytdim. Bizda tarkibni keskin darajada kuchaytirish imkoniyati yo'q. SHu bois hozirgi tarkib bilan chempionlik uchun kurasha olmaymiz. Bundan tashqari, murabbiy o'z ustida har qancha ishlamasin, baribir maydonda asosiy ishni futbolchilar bajaradi. Jahonning eng kuchli klublariga qarang, har qanday murabbiy qo'l ostida eng yaxshi futbolchilar o'ynashini xohlaydi. Masalan, o'sha Mourino bilan Anchelotti ham o'z jamoasida eng kuchli futbolchilar bo'lishini istaydi. Nima uchun? CHunki futbolda baribir asosiy ishni maydondagi o'yinchilar bajaradi.

-   Yaqinda internetda xabar tarqaldi: kelasi yil “Nasaf”ning bir qator futbolchilari “Lokomotiv”ga o'tarmish degan?
-   Futbolda biror gap o'zidan o'zi chiqmaydi. Hozir klubimizda moliyaviy ahvol bilan bog'liq muammolar bor va bunday vaziyatda futbolchini ushlab qolish oson emas. SHunday ekan, mavsum yakunida bazi futbolchilar boshqa jamoalarga o'tib ketishi mumkin. Lekin klub rivoji yo'lida o'zimizga kerakli o'yinchilarni olib qolishga harakat qilamiz.



-   Bir yillik shartnomalarga munosabatingiz qanday?
-   Bir yillik shartnomalar o'zbek futbolida tez-tez ro'y beradigan holatlardan biri hisoblanadi. Menimcha, klublarning tashkiliy masalalarida barqarorlik bo'lmagani uchun ham bir yillik shartnomalar tuzish yuzaga kelyapti. Agar futbolchi klubning kelajagiga ishonsa bir yildan ko'proq muddatga shartnoma tuzgisi keladi. Lekin ko'p o'yinchilar klubning ertasiga ishonmasdan faqat bir yillik shartnoma bilan cheklanib qolishyapti.

-   Baxtiyor Ashurmatov milliy terma jamoaga yordamchi murabbiy bo'lishidan oldin nomzodlar orasida Sizning ham nomingiz bor edi. Bu haqda o'zingizga aytishganmidi?
-   To'g'risi, buni birinchi marta sizdan eshitib turibman. SHu bois bu haqda hech narsa deya olmayman.

-   “Nasaf”da chet elga oshiqayotgan futbolchilar bormi?
-   Menimcha, hamma ketishni xohlaydi. Lekin jiddiy gapiradigan bo'lsam, chet elga borish, borgandan keyin u yoqda o'ynab ketish oson emas. Buning uchun futbolchi avvalo shunga loyiq bo'lishi kerak. Qolaversa, taklif ham jiddiy bo'lishi lozim. Borgim kelyapti deb bekor yurgan bilan ish bitmaydi.

-   Oddiy bir tomoshabin sifatida oliy ligani kuzatib borish uchun Siz uchun qiziqmi?
-   Oddiy tomoshabin bo'lishim uchun avvalo muxlislarning o'rniga o'zimni qo'yib ko'rishimga to'g'ri keladi. Bu borada shuni aytishim mumkin, futbol muxlislar uchun bayramga, o'yinchilar uchun esa jangga aylanishi kerak. Bundan tashqari, futbolchilar shaxs sifatida o'sishlari lozim. SHunday muxlislar borki, ular alohida bir o'yinchini ko'raman deb stadionga kelishadi. Ilgari har bir klubning o'z shaxslari bo'lardi. Lekin nima uchundir hozirgi futbolchilar orasida mana shunday yakka shaxslar kamayib ketdi. Menimcha, bu ham qiziqishning tushib ketishiga sabab bo'lyapti.

Xayrulla Xoliqov suhbatlashdi.
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
Яндекс.Метрика