So’nggi yangiliklar

11:35Биринчи лига. "Пахтакор-79"га иккинчи турда ҳам техник мағлубият ёзилди  0 11:15"Оқ бўрилар" қаршисида яна "яшил лочинлар". Арабча ҳисоб-китобга нуқта қўйиш вақти келди  6 10:45Алонсо ва Аморим билан келиша олмаган «Ливерпул»нинг янги устози ким бўлиши маълум  4 10:19Микель Артета Лондон дербисидаги ғалабадан сўнг нималар деди?  3 09:51«Реал Мадрид» футболчиси фаолиятини Саудия Арабистонида давом эттириши мумкин  11 09:22Эшитдик-да! "Бунёдкор"да яна бош мураббий ўзгарди  8 08:55Хоанг Ан Туан: "Ўзбекистон терма жамоаси финалга қадар етиб боришига ишонаман"  28 08:35АПЛ. "Арсенал" - "Челси" 5:0  0 08:29Почеттино «Арсенал»дан қабул қилиб олинган йирик мағлубият сабабини айтди  3 08:20ОЧЛ. "Ал Ҳилол" - "Ал Айн" 2:1  1 08:15U23 Осиё кубоги. Ўзбекистон - Вьетнам 3:0   2 08:04Италия Кубоги. «Ювентус» — дастлабки финалчи  0 07:38Осиё кубоги. Бугун футзалчиларимиз ярим финал йўлланмаси учун баҳс олиб боради  2 01:57АПЛ. Лондон дербисида "Арсенал" "Челси"га "тарсаки туширди"  26 01:30Иброҳимхалил Йўлдошев: “Биз рақиб танламаймиз”  15

CHempionat formatini o'zgartirish foyda beradimi? Yangiliklar

CHempionat formatini o'zgartirish foyda beradimi?

Osiyodagi milliy chempionatlar tobora kuchayib borayotgani haqida ko'p yozib kelyapmiz.
Baribir ichki musobaqalarga qiziqishni oshirmasdan turib, futbolni rivojlantirish qiyin ekanligini amalda bilib oldik. Bizda oliy ligaga bo'lgan qiziqish tushishi terma jamoaga bo'lgan qiziqishga ham tasir qilyapti. Avvallari Xitoy Taypeyi singari raqiblar o'yinini ko'rgani stadionga 20-30 ming muxlis yig'ilardi. Hozir Yangi Zelandiyaga qarshi uchrashuvni 8-9 ming ishqiboz kuzatmoqda.

Har yili mavsum arafasida PFLda oliy ligada ishtirok etayotgan barcha klublar menejerlari va sport direktorlari ishtirokida yig'ilish o'tkaziladi. Unda oliy liga formatini o'zgartirish kerakmi yoki yo'qmi, bu borada jamoalar qanday takliflarni bildira olishi ko'rib chiqiladi. Biroq kimningdir aniq taklif bilan chiqqanini eshitmadik. Taklif faqat muxlis yoki jurnalistlar tarafida berib kelinyapti. SHu asosda PFL bir qarorga kelishni anchadan buyon xohlamay kelmoqda. Balki, muxlislar o'rtasida so'rovnoma o'tkazib, yakunda eng ko'p ovozni olgan variant ustida to'xtash kerakdir. Germaniyada terma jamoaning o'yin uslubini aniqlash uchun mamlakat bo'yicha so'rovnoma o'tkazilgandi.



Har holda, ishqibozlar o'zlari uchun qiziqroq bo'lgan formatni tanlashsa, keyin muxlislarning tashrifi va etibori ortishi mumkin. Bizda ko'pchilik o'yinlar sonining kamligini takidlayapti. Bunday vaziyatda oliy liga ishtirokchilari sonini oshirish foyda bermaydi. CHunki yuqori saviyada o'tmaydigan uchrashuvlar soni ortgani qoladi xolos. 14 jamoaga jillaqursa yaxshi saviyada o'ynay oladigan futbolchilar etishmayotgan bir paytda yana 2 jamoa safini qanday ijrochilar bilan to'ldirishini bilib olish qiyin emas. Oldimizda ikkita yo'l bordek. Birinchisi aynan formatni o'zgartirish. Bunda turli xil variantlarni ko'rib chiqish mumkin. Maqola davomida format masalasiga batafsil to'xtalamiz. Ikkinchi yo'l esa chempionat uchun yirik sarmoyadorlar va homiylar topgan holda malum bir byudjetni yuzaga keltirish. Keyin o'sha pulni 14 jamoaga teng taqsimlab berish kerak. O'sha pulga klublar faqat legionerlarni jalb etishi mumkin bo'ladi. Legionerlar uchun PFL qatiy talablar qo'yadi. Bunday holat ayni paytda Hindiston va Avstraliyada qo'llanilmoqda. Klublar doimiy homiylar berayotgan pul esa avvalgidek tushib boradi. Biz qo'shimcha byudjet shakllantirish borasida fikr yuritdik. Albatta, buning uchun PFLdan katta hajmdagi ishni amalga oshirish talab etiladi. Homiylar topish uchun reklama, marketing va translyaciyalar huquqini yo'lga qo'yish kerak bo'ladi. Lekin Hindiston shu ishni uddalagan ekan, nima uchun biz amalga oshira olmaymiz? Hindlar odatiy mavsumdan tashqari 4 oy davom etadigan maxsus ligani tashkil qilishdi. Bizga alohida liga shart emas. Hozirgi holatda har bir jamoaga 3-4 nafar yuqori saviyadagi ijrochilar bilan shartnoma imzolashga etadigan qo'shimcha mablag' topilsa bo'lgani.

Bir necha yillar oldin jamoalar 26 uchrashuvni o'tkazib bo'lgandan keyin chempionatni ikkiga bo'lgan holda davom ettirish masalasiga ko'tarilgandi. Lekin bu hozirgacha taklifligacha qolib ketdi. Hozir holat shuni ko'rsatmoqdaki, oliy ligaga o'zgarishlar zarur. SHu o'rinda bazi mamlakatlarda qo'llaniladigan formatlar xususidagi malumotni keltirib o'tamiz. SHunda har kim qaysi format biz uchun maqul ekanligini aniqlab oladi va bu malumotlar PFL hamda klublar uchun ham kichik yordam bo'lishi tabiiy.

Dastlab odatiy mavsumdan keyin alohida bosqichda davom etadigan chempionatlar haqida to'xtalsak. Belgiya “Yupiler” ligasida bir necha mavsumdan beri shunday formatga o'tilgan. Yuqori olti o'rinni egallagan jamoalar ikkinchi bosqichda bir-birlariga qarshi ikkitadan o'yin o'tkazishadi, jami o'nta. Keyingi raundga esa to'plangan ochkolarning ellik foizi, yani yarmi bilan o'tiladi. Aytaylik, “Anderlext” odatiy mavsum davomida 70 ochko yiqqan bo'lsa, ikkinchi raundga mazkur klub 35 ochkosi bilan qo'yiladi. O'sha o'nta bellashuvdagi natijalar shunga qo'shiladi va yakunda chempion klub nomi hamda Evrokuboklar ishtirokchilari aniqlanadi. Jamoalar egallagan o'rinlariga qarab Evrokuboklar uchun pley-off bahslarida maydonga tushishadi. Ikkinchi guruhda 7-14 o'rindagi jamoalar qatnashishadi. Faqat bu guruhdagi jamoalar bahslarni ochkosiz boshlashadi, aniqrog'i birinchi bosqichda yig'ilgan barcha ochkolar bekor qilinadi. G'olib esa birinchi guruhning 4 yoki 5-pog'onadagi klubi bilan Evropa ligasi yo'llanmasi uchun o'ziga xos finalda to'qnash keladi. SHuningdek, ligada qolish va unga chiqish uchun ham ikki liga ishtirokchilari orasida pley-off bahslari o'tkaziladi, xuddi Angliyada bo'lgani singari. Faqat inglizlar kubokdagi singari yarim final va final uchrashuvlarini tashkil qilishadi.



Belgiyadagi bu format ko'pchilik tomonidan tanqidlar ostida kutib olindi va haligacha undan voz kechish zarurligini mutaxassislar takidlab o'tishmoqda. Birinchidan, mavsumdagi uchrashuvlar soni ko'paydi. Ikkinchidan, futbolchilarning dam olishi uchun deyarli vaqt qolmadi. Rojdestvo arafasida ham Belgiyadagi klublar maydonga tushishga majbur bo'lishyapti. To'ri, etakchi klublarning TV va chiptalar sotuvidan oladigan foydalari salmoqli tarzda ortdi. Lekin jamoalar sovuq va qorli maydonlarda to'p tepib,  ko'proq pul ishlagandan ko'ra bu formatni bekor qilishni maqullashmoqda. Muxlislarga esa bu holat maqul kelmoqda. SHu sababli undan voz kechishni o'ylashayotgani yo'q.

Greciyada esa 2007-08 yilgi mavsumdan boshlab chempiondan tashqari 2-5 o'rinni egallagan klublar CHempionlar ligasi yo'llanmasiga ega bo'lish uchun pley-off uchrashuvlarida ishtirok etib kelishyapti. Unda quyidagi qoidalarga amal qilinadi:

- beshinchi o'rindagi jamoa pley-offni 0 ochko bilan boshlaydi.
- qolgan ishtirokchilar 5-o'rindagi jamoadan mavsumdagi o'zaro uchrashuvlarda olingan va o'zaro o'yinlarida ishlagan ochkolarining beshdan bir qiymatidagi ochkolarga ega bo'lishadi. Yani, 2-5 o'rindagi klublar bir-birlariga qarshi uchrashuvlaridagi ochkolarning yigirma foizini yiqqan holda pley-offni boshlashadi. Bosqich oxirida g'olib jamoa CHempionlar ligasiga yo'llanma sohibiga aylansa, qolgan klublar Evropa ligasida kurashga kirishishadi.



Gollandiyada ham xuddi Greciyadagi singari pley-off mavjud edi. Lekin klublar, futbolchilar, murabbiylar va muxlislarning etirozlari sababli o'sha format bekor qilindi. Bazan ikkinchi o'rinni egallagan jamoalarning ham ECHLsiz qolib ketishgani kuzatildi. Hozirda pley-off faqat 5-8 o'rindagi klublar ishtirokida o'tkazilmoqda. G'olib Evropa ligasi saralash raundida qatnashish huquqiga ega bo'ladi. SHuningdek, “Eyrdivizion”da qolish uchun ham shunday uchrashuvlar o'tkaziladi.

SHotlandiya premer-ligasi nafaqat eng katta tarixga ega bo'lgan chempionat sifatida, balki formatining o'zgachaligi bilan ham ajralib turadi. To'rtinchi davrada chempionat teng ikkiga ajraladi va oltitadan jamoa to'plangan ikki guruhda bahslar davom ettiriladi. Unda jamoalar o'zaro to'qnash kelib, oxirgi davrada ishtirok etishadi. Ikkinchi liga peshqadamlari esa premer-liga autsayderlari bilan o'tish uchrashuvlarida maydonga tushishadi.

Osiyodagi chempionatlar formatlari haqida gap borar ekan, birinchi navbatda Janubiy Koreya va Avstraliya chempionatlarining o'zgacha tizimda o'tkazilishini aytib o'tish darkor. Janubiy Koreyada odatiy mavsum yakunlangach, dastlabki olti klub ishtirokida pley-off raundi bo'lib o'tadi. Unda 3-6 va 4-5-o'rinlarni egallagan klublar o'zaroq to'qnash kelib, juftliklar g'olibi yana maydonga tushadi. Uni yutgan jamoa 2-o'rin sohibiga qarshi o'ynaydi. Nihoyat, bu bosqich g'olibi 1-pog'ona egasi bilan to'qnash keladi. SHu tariqa OCHLda ishtirok etuvchi jamoalar aniqlanadi.



Avstraliya “A” ligasida esa mavsum tugagandan keyin kuchli beshlikdagi klublar pley-off raundidagi bahslarni boshlashadi. Pastki poonadagi jamoalar o'zaro to'qnash kelishgach, xuddi Koreyada bo'lgani kabi 1-o'rin sohibi Grand final bellashuvidagi raqibini kutib turadi. SHu tariqa “A” ligasi g'olibi nomi aniqlanadi. Aytish mumkinki, shunday final bahsiga qiziqish yashil qitada juda kuchli va ko'p yillardan buyon hal qiluvchi o'yinlarga 70-80 mingdan ishqiboz tashrif buyurmoqda. Avstraliyada bunday formatga keskin bahslar orqali xorij mamlakatlari etiborini tortish, TV bilan foydaliroq shartnomaga ega bo'lish hamda mahalliy aholida milliy ligaga qiziqishni orttirish maqsadida qo'l urilgan. CHunki 5-6 yil muqaddam sokkeruzlar mamlakatida mahalliy chempionatga qiziqish juda pastlab ketgandi. SHu yangilik kiritilgach, “A” liga saviyasi ham, unga bo'lgan qiziqish ham anchagina ortdi. Demak, bu loyiha Avstraliya uchun foydali ko'rinish hosil qildi.

Iroqda esa umuman boshqacha formatdagi chempionatni ko'rish mumkin. Jamoalar chempionatni guruhlarga bo'lingan holda boshlashadi (klublar soniga ko'ra guruhlar soni ikkita yoki uchta bo'ladi). Ishtirokchilar va guruhlar soniga qarab hal qiluvchi bellashuvlarga har bir guruhdan 4-6tadan jamoa yo'llanma oladi. O'tgan mavsumda ikki guruhda o'yinlar o'tkazildi. Bu yil esa odatiy formatga o'tishga qaror qilingan. Iroqdagi holat ko'proq xavfsizlik masalalaridan kelib chiqadi. CHempionat o'tkazilib turilganining o'zi ijobiy etirof etishga arziydi. Bu erda mavsum mobaynida jamoalar 36-42 uchrashuvda ishtirok etishlari mumkin. Ayni paytda 20 jamoa ikki davrali tizimda kurash olib bormoqda. Yani, har bir klub 38 bellashuvda ishtirok etadi. Aksariyat arab mamlakatlari, Eron, Yaponiya va Xitoyda chempionat formati odatiydir, yani jamoalar ikki davrali tizimda g'olibni aniqlashadi. Iroqdagidek holatni Meksikada ham kuzatish mumkin. Bir necha mintaqadan keyingi bosqichga yo'l olgan jamoalar hal qiluvchi bosqichda qatnashishadi.



Argentinada esa yanada boshqacharoq holatga guvoh bo'lamiz. “Apertura” va “Klausura” deb nomlangan alohida ikkita chempionat bir yilning o'zida o'tkaziladi. Boshqacha aytganda, Argentinada bir yilda ikki jamoa oltin medallarni qo'lga kiritadi. Bu jihati bilan argentinaliklar jahondagi eng o'ziga xos chempionatga egalar. Bunday formatlar avvaldan aynan Janubiy Amerikada ko'proq tarqalgan. AQSHda esa bir necha yillar oldin chempionatni salkam shouga aylantirish maqsadida duranglar bekor qilingandi. Asta-sekinlik bilan ishqibozlarni stadionlarga jalb qilishga erishgan amerikaliklar oxir-oqibat bunday o'yindan voz kechishdi. CHunki futbolni bunchalik shouga aylantirib yuborish yaxshilikka olib kelmasdi. Saviya ko'tarilgach, MLS rahbariyati mavsum oxirida pley-off bahslari o'tkaziladigan tizimga o'tdi. Umuman olganda, ayni paytda AQSHda jamoaviy sport turlarining deyarli barchasida konferenciyalarda o'tadigan odatiy turnir va undan keyin start oladigan pley-off bahslari mavjud. Bu format amerikaliklarning qon-qoniga singib ketgan desak mubolag'a bo'lmaydi.

Yon qo'shnimiz hisoblangan Qozoistonda bir necha yildan buyon yuqori liga bahslari yangicha formatda o'tkazilmoqda. Jamoalar odatiy davrali formatda ikki davra o'ynashadi. Keyinchalik yuqori va pastki o'rinlarni egallaganlar alohida guruhlarda kurashni davom ettirishadi.
Xo'sh, biz uchun qaysi format maqul? Bizningcha, hozirgi ikki davrali tizimdan keyin chempion, sovrindor va ligani tark etuvchilarni aniqlash uchun ikkinchi bosqichni tashkil qilish eng yaxshi formatdir. Mabodo PFL biror o'zgartirish qilishni xohlamasa, unda klublar kuchliroq legionerlarni olib kelish hisobiga qiziqishni oshirishga urinib ko'rishlari lozim. Balki, jamoalar sonini kamaytirish hisobiga davralar sonini ko'paytirish orqali keskin uchrashuvlar miqdorini oshirish imkoniyati mavjud. Masalan, 10 jamoa ishtirokida 4 davrali chempionatni tashkil qilish mumkin. Yoki 12 jamoadan iborat 3 davrali tizimga o'tsa bo'ladi. Bunda o'rtamiyona va autsayderlarning ishtiyoqi so'nib qolmasligi uchun quyi 3 pog'ona sohiblari birinchi liganing 2-4 o'rin egalari bilan o'tish bahslarida maydonga tushishini tashkil qilsa bo'ladi. SHunda hech bir klub yuqori pog'onalar uchun kurasha olmagan taqdirda ham g'alabaga erishish uchun harakat qilaveradi. Agar ikki bosqichli formatga o'tilsa, etakchi klublar ishtirokida 2 baravar ko'proq keskin bellashuvlarni tomosha qilish imkoniyatiga ega bo'lamiz. Bunda 26 o'yindan keyin ular yana 12 uchrashuv o'tkazishadi. Quyidagilar esa oliy ligada qolish uchun bahslarni davom ettirishadi. O'zgarish qilishni xohlagan taqdirda PFL format va uning qoidalarini bemalol o'zi ishlab chiqishi mumkin.



Xullas, bu borada PFL barcha takliflarni (agar klublar tomonidan bildirilsa) o'rganib chiqib, yaqin kunlarda aniq bir qarorga kelishi shart. Jamoalardan aniq takliflar yuzaga kelmagan taqdirda esa PFL o'zi bir qarorga kelishi lozim. Hozirgi holatdan kelib chiqadigan bo'lsak, aksariyat klublarimiz hozirgi formatning saqlanib qolishini yoqlab ovoz berishsa kerak. Lekin futbol rivojlanishi uchun ijobiy o'zgarishga sabab bo'ladigan qaror qabul qilinishi darkor. Biz o'zbek futboli yanada taraqqiy etishi tarafdorimiz.


Behzod NAZAROV.
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
Яндекс.Метрика